Breaking News

Germaniya O'zbekiston bilan til topishishga urinmoqda


O`zbekistonga Germaniya parlamentining inson huquqlari bo`yicha komissiya a`zolaridan iborat delegatsiya tashrif buyurgan.

Yaqin kelajakda Germaniya Yevropa Ittifoqi boshqaruvini qo’lga oladi. Shunday ekan, kuzatuvchilar nazarida Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga nisbatan sanksiyalarini qayta ko`rib chiqish arafasida turgan bir paytda, bu hukumat vakillarining xulosalari mamlakat uchun muhim.

Andijon voqealariga bir yil to’ldi. Bu davr O`zbekistonda demokratik tamoyillar oyoq osti qilinib, muxolifat, huquq himoyachilari va jurnalistlar tazyiqqa uchrashi bilan e’tiborlidir.

Inson huquqlari, so`z erkinligi va siyosiy vaziyat borasida O’zbekistonga qo`yilgan sanksiyalar qanchalik samara berayotgani haqida kuzatuvchilarning fikri qanday?

Mustaqil ekspert Toshpo`lat Yo`ldoshev Germaniya Parlamenti delegatsiyasining tashrifi 2008 yildan boshlab bu mamlakatning Yevropa Ittifoqiga raislik qilishi jihatidan ahamiyatli deb hisoblaydi:

“Shuning uchun Germaniya O`zbekiston bilan ma’lum darajada aloqalari borligini inobatga olib, o`z ta’sirini ham Yevropa Itttifoqi davlatlariga, ham O`zbekistonga o`tkazmoqchi. Asosiy maqsad Yevropa Ittifoqidagi rasmiylar bilan gaplashib, O`zbekistonga qo`yilgan sanksiyalarni olib tashlash, O`zbekistonda esa inson huquqlarini ta`minlash, ma’lum bir siyosiy erkinliklar berish”, - deydi Yo`ldoshev.

U inson huquqlarini ta`minlash tushunchasiga izoh berar ekan, Ulug`bek Haydarov, Jamshid Karimov va Yodgor Turlibekov kabi begunoh jurnalistlar taqdiri xususida O`zbekiston hukumati bilan muzokara o’tkazish zarurati haqida to’xtaladi.

Ekspertning ta’kidlashicha, Germaniya va O`zbekiston hukumati ortasidagi munosabatlar mamlakatdagi inson huquqlari bilan bo`gliq vaziyatga ijobiy ta’sir qilishi mumkin:

“Agar bu jarayon boshlanadigan bo`lsa, buni faqat boshlang`ich nuqta deb tushunsa ham bo`ladi. Chunki bir tomondan O`zbekiston xalqaro izolyatsiyaga tushib, ma`lum bir talablarni bajarishga majbur bo`layotgandek ham tuyuladi. Rossiya bilan aloqalar ham ravon ketayapti deb bo`lmaydi, kelishmovchiliklar bor. Buni rasmiy Kreml ham, Toshkent ham ma`lum qilayotgani yoq. Shularni inobatga olib, Germaniya diplomatiyasi mamalakatda siyosiy-ijtimoiy totuvlikni ta’minlash uchun urinish qilayapti”, - deydi Yo`ldoshev.

Yevropa Ittifoqi tomonidan O`zbekistonga kiritilgan sanksiyalar muhokamasiga “Turkiston-press” axborot agentligining bosh direktori o`rinbosari, siyosiy sharhlovchi Ibrohim Normatov shunday munosabat bildiradi:

“Yevropa Ittifoqidagi ko`pchilik davlatlar, asosan, AQSh ta’sir kuchi doirasida ishlaydi. Yevropa Ittifoqining O`zbekistonga aloqasi yoq. Ular o`zicha bir qozi, hakam. Bilganini qilaversin, o`zlaricha muhokama qilaverishsin, biz uchun bu qarorlar majburiy emas. Biz Shanxay va Yevrosiyo hamdo`stlik tashkilotlari doirasida ishlayapmiz, shu yetadi”, - deydi Normatov.

Muxolifat vakilari va inson huquqlari bilan shu`gullanuvchi xalqaro tashkilotlar Yevropa Ittifoqi O`zbekistondagi inson huquqlari bilan bo`gliq vaziyatdan kelib chiqib, sanksiyalarni keskinlashtirishi lozim deb hisoblaydi.

Mamlakatda siyosiy erkinlikka oid vaziyat barqarorlashishi uchun xalqaro hamjamiyat O`zbekiston hukumatiga nisbatan aniq choralarni ko`rishda davom etishi kerak degan fikrlar mavjud. Ayniqsa, Andijon voqealarida so`ng O`zbekiston hukumati bilan siyosiy erkinlik borasida muloqot qilish mushkul ekani ravshan bo’lgan.

Xalqaro bo`hronlar bo'yicha tashkilotning Markaziy Osiyo loyihasi direktori Maykl Xolning aytishicha, Yevropa Ittifoqi o`tgan bir yil muddatdan xulosa qilgan holda O`zbekistonga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirishi, ya'ni Andijon fojealarida aybdor sanalayotgan rasmiylar ro`yxatini kengaytirishi, mustaqil tergov talab qilishi, avtoritar tuzum bilan murosa qilmasligini namoyish etishi lozim.

Yevropa Ittifoqining amaldagi sanksiyalariga muvofiq, Andijon voqealarida tinch aholi o’limida gumon qilingan O`zbekiston rasmiylarining Yevropa Ittifoqi hududiga kirishi ta'qiqlangan va a'zo davlatlarga O`zbekistonga qurol-yarog` sotish man qilingan.

XS
SM
MD
LG