O`zbekiston va Germaniya o‘rtasida so`nggi paytlarda bir necha ziddiyat kuzatilgan.
Germaniyada ayrim siyosiy partiyalar Islom Karimov ma‘muriyati bilan aloqani qayta ko`rib chiqish lozim desa, rasmiy Toshkent bu davlat bilan huquq bo`yicha gaplashmoqchi emas.
Shunga qaramay, siyosatshunoshlar nazarida Berlin-Toshkent rishtalari oydinlashishi mumkin.
Germaniya elchisi Volfgang Noyen O`zbekiston axborot agentligiga bergan intervyusida aloqalar rivojiga ikki tomon e’tibor qaratayotganini ta’kidlaydi.
Bu suhbat O`zbekistonning Berlindagi elchixonasiga norozilik notasi topshirilgani, elchi Noyen bilan Toshkentda kuzatilgan mojarodan so`ng kechgan. Lekin mustaqillik kuni munosabati bilan uyushtirilgan intervyuda muammolar haqida hech narsa deyilmagan.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov rasmiy Toshkent Germaniya sa’y-harakatlari bilan Yevropa Ittifoqi sanksiyalaridan qutulganini eslatadi, lekin:
“Nazarimda Toshkentda Germaniya korxonalariga teginish O`zbekiston rahbariyatidan chiqqan tashabbus emas. Ko`pchilik Germaniya-O`zbekiston alolaqari juda yaqin deydi, aslida unday emas. G`arb O`zbekistonga ishonmaydi, lekin ehtiyojlarini qondirish uchun cheklangan bir hamkorlik olib boradi. Bu hamkorlikning qamrovini oshirmaydi, shuningdek, Toshkentga bosim ko`rsatish ham samarasiz ekanini biladi. Bundan tashqari, bosim o’tkazish imkoniyati ham ancha cheklangan”, - deydi Kamoliddin Rabbimov.
Toshkentda Germaniyaga qarashli korxona tintuv qilinib, ayni paytda elchiga ko`rsatilgan qo`pol muomala oradagi taranglikning davomidek ko`rinadi.
Germaniyadagi muxolif partiyalarning O`zbekiston bilan aloqani qayta ko`rish taklifi, inson huquqlari bo`yicha parlament delegatsiyasining Toshkentga rejalangan safarini qoldirilgani, O`zbekiston tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Vladimir Norovning Berlindagi muzokarada huquq masalasida aniq natijalarga chaqirilgani aloqalar bir qadar oydinlashayotgandek taassurot uyg`otadi.
Ma`lumotlarga ko`ra, yaqin orada Germaniya deputatlari Karimov ma’muriyati bilan munosabatlarni muhokama qilmoqchi. Tashabbusni olg’a surgan nufuzli kuchlardan biri - Yashillar partiyasi.
Biroq Germaniya jamoatchiligi bu davlat haqida juda oz tasavvurga ega. Jurnalist Suzanna Bontempning aytishicha, O`zbekiston, asosan, Andijon fojeasi paytida og’izga tushgan.
“O`shanda matbuotda bu haqda ko`p yozishgan edi, keyin o`tgan yil O`shdagi voqealar ham TV da yoritildi. Lekin, umuman olganda, agar 10 odamdan O`zbekiston prezidenti kim deb so’rasangiz, birortasi buni bilmasligiga ishonchim komil”, - deydi Bontemp.
Kamoliddin Rabbimov so’zlariga qaraganda, O`zbekiston bilan munosabatlar islohoti deputatlar darajasida muhokamada, lekin G`arbda jamoatchilik pozitsiyasi shakllanishi qiyin emas.
Andijon fojeasidan keyin Yervopa Ittifoqi qo`ygan sanksiyalar bekor qilinishida Germaniyaning o`rni alohida ta’kidlanadi. Germaniya Termizda ijaraga olgan baza juda muhim.
Andijondan keyin AQSh harbiy bazasini yopgan rasmiy Toshkent Termizdagiga tegmagan edi. Germaniya Afg‘onistonga 5000 ga yaqin qo`shin jo`natgan, ularning ta’minoti, asosan, shu baza orqali amalga oshadi.
”Borgan sari Afg`onistondagi vaziyat orqali O`zbekiston hukumatining Germaniyani, qo`pol qilib aytganda, shantaj qilish imkoniyati ancha pasayadi. 2014-yilga borib, G`arb harbiylarining katta qismi vataniga ketadi. Bu esa O`zbekistonni ko`proq tashvishga solishi kerak. Shunday ekan, munosabatlardagi ohang o`zgaradi, ya’ni endi O`zbekiston hamkorlik bo`yicha iltimos qilishga o`tishi mumkin. Shu ma’noda inson huquqlari muhokamasining ohangi ham o`zgaradi”, - deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.
Termiz aeroporti ijarasi uchun Germaniya hukumati Toshkentga qancha pul to‘layotgani nemis matbuotida muhokama qilingan va Berlin buni maxfiy ma‘lumotlar sirasiga qo‘shgan.
Germaniyadagi siosiy doiralarda baza uchun berilayotgan pul Ozbekistonda korrupsiyasiga hissa qo’shmoqda degan fikr ham keng tarqalgan.