Germaniyaning O`zbekistondagi elchisi Matiyas Meyer (Matthias Meyer) Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o’rtasidagi muloqot to’g’ri yo’nalishda ketayotganini e’tirof etgan.
Ammo elchining bu bayonoti O`zbekistonda tazyiqlar kuchayayotgan bir paytga to’g’ri kelayotgani kuzatiladi.
Janob Meyer o’tkazgan matbuot anjumani bilan bir paytda, 31 dekabr kuni Buyuk Britaniyaning O`zbekistondagi elchixonasida ham inson huquqlari va demokratik vaziyatga oid qabul uyushtirilgan.
Qabul Byuk Briytaniyaning Markaziy Osiyo, Kavkaz, Rossiya bo`yicha departamenti direktori Sayman Smit tashrifi munosabati bilan uyushtirilgan.
Har ikki tadbir ham shu oy mobaynida Yevropa Ittifoqida O`zbekistonga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni qayta ko`rilishi arafasida o’tkazilgan.
Bundan avval Yevropa Ittifoqining Andijon fojeasi yuzasidan ekspertlari O`zbekistonga kelib ketishgan. Yevropa vakillariga ko`ra, muloqotning ikkinchi qismi - inson huquqlariga oid vaziyatni yaxshilash bo`yicha ham O`zbekiston hukumati ayrim qadamlar qo`ya boshlagan.
Tazyiqqa uchragan huquq himoaychilari bilan uchrashuvlar ham shunday ijobiy qadamlar sirasida ko`riladi. O`zbekistondagi ayrim huquq himoaychilariga ko`ra bu bayonot O`zbekiston inson huquqlari keskin buzilayotgan bir paytda bildirilmoqda.
Shu bilan bir qatorda Yevropa Ittifoqi tomonidan nazarda tutilayotgan inson huquqlari bo`yicha muloqotni aslida qanday tushunish kerakligi haqida ham turlicha qarashlar bor.
O`zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi raisi Surat Ikromov fikricha, Yevropa Ittifoqi hukumat doirasidagi inson huquqlari bo`yicha tashkilotlar bilan muloqotni nazarda tutmoqda.
“Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi bilan uchrashganimizda, ular asosan davlat tasarrufidagi inson huquqlari tashkilotlari, Oliy Majlis, inson huquqlari bo`yicha milliy markaz bilan muloqot o`rnatish haqida gapirishgan edi. Men ularga boshqa nodavlat tashkilotlarni bu muloqotga qo’shish lozimligini bildirgandim, lekin bu qanday amalga oshadi bilmayman”, - deydi Surat Ikromov.
Inson huquqlari mavzusida davlat tasarrufidagi tashkilotlar bilan muloqot, deydi kuzatuvchilar, huquq ahvolini yaxshilamaydi.
Muxolifatdagi “Erk” partiyasining bosh kotibi Otanazar Oripovning bildirishicha, muloqot O`zbekiston hukumati va no-hukumat tashkilotlar o`rtasida bo`lishi talab qilinmoqda.
“O`zbekiston hukumati mamlakat ichkarisidagi nodavlat tashkilotlar bilan muloqot qilishi, ularning takliflarini o`rganishi nazarda tutilmoqda”, - deydi Otanazar Oripov.
“Ezgulik” inson huquqlari jamiyatining vakili, jurnalist Abdurahmon Tashanov nazarida bu borada Yevropa Ittifoqining o`zida aniq bir dastur yo`q.
“Yevropa Ittifoqi to`rt burchakli uyning ichidan beshinchi burchakni izlashga majbur qilingandek ahvolda. Agar yumshoq siyosat bilan O`zbekiston hukumatini qo`llasa bu demokratik tamoyillarga zid. Ikkinchi tomondan Yevropa uchun muhim narsa, o`z siyosatini o`tkaza olmasa O`zbekistondagi energetik zahiralardan bebahra qoladi”, - deydi Tashanov.
Surat Ikromov nazarida Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o`rtasidagi muloqotda siljishlar bor, jumladan inson huquqlari bo`yicha O`zbekistonda bir qator uchrashuvlar o`tkazilgan.
Otanazar Oripovga ko`ra esa bu harakatlar faqat shunday muloqot borligini ko`rsatish uchungina uyushtirilyapti. Aslida esa biror qadamlar kuzatilayotgani yo’q, inson huquqlari bo`yicha vaziyat yomonlashmoqda, deydi u.
Keyingi paytda O`zbekistondagi inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatning keskinlashishi asosan mahalliy faollarga nisbatan tazyiqning kuchaygani, Yevropa Ittifoqi bilan boshlangan muloqotdan so`ng bir qator huquq himoyachilari va faollarni hibsga olinishi bilan kuzatilmqoda.