Breaking News

Tojikistonda prezident Rahmonov qayta saylandi


Dushanba kungi saylov natijalariga muvofiq, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonov kelasi yetti yilga davlat tepasida qoladi. 1992-97 yillardagi fuqaro urushidan keyin ikkinchi marta o’tkazilgan prezident saylovlarida uch milliondan ortiq saylovchi qatnashgan. Tojikiston markaziy saylov komissiyasi raisining aytishicha, prezident Rahmonov 80 foiz ovoz olib, shubhasiz g’olib chiqqan.

Uning bosh raqibi, Iqtisodiy islohotlar partiyasi rahbari Olimjon Boboyevga saylovchilarning yetti foizi ovoz bergan xolos.

Tojikiston muxolif partiyalari saylov natijalarini boykot qilmoqda.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilari fikricha, dushanba kungi saylovlar xalqaro demokratik talablar doirasida o’tkazilmagan. Xususan, matbuot xizmatidan barcha nozmodlar teng foydalanish imkiniyatiga ega bo’lmagan, saylovchilar ro’yxatida imzolar takror va takror qo’yilgan.

Mustaqil Davlat Hamdo’stligi kuzatuvchilar missiyasi rahbari Vladimir Rushaylo, aksincha, saylovlarni erkin va adolatli deb topdi. Saylovlar Tojikistonda demokratiyani qaror toptirish yo’lidagi hal qulivchi qadam, dedi Vladimir Rushaylo.

Kecha prezident Rahmonov mamlakat saylov tizimi kamchilik va nuqsonlarlardan holi emasligini tan oldi. Davlat rahbari nazarida aholisi asosan musulmonlardan iborat Tojikistonga g’arb andozalarini qo’llash xato. Imomali Rahmonov Tojikistonni 1992 yildan beri boshqarib keladi. Prezident sifatida 1994 yilda saylangan.

Respublika bo’ylab 68 saylov okrugi va 3200 saylov uchastkasi ishladi. Saylovchilarning 80 foizdan ortig'i ovoz bergani aytilmoqda.

Saylovda ishtirok etgan tojikistonliklarning aksariyati Imomali Rahmonovga ovoz berganini ta’kidlaydi.

“Men 83 yoshdaman, o’zim ovoz berishga keldim. Saylov yaxshi o’tmoqda”,- deydi ulardan biri.

Tashkilotning saylovoldi hisobotiga ko’ra, mamlakatda saylov kampaniyasi ochiq va adolatli o’tmagan. Nomzodlar ommaviy axborot vositalarida teng yoritilmagan.

Dushanbeda ovoz berar ekan, Rahmonov Gruziya, Ukraina va Qirg’izistondagi rangli inqiloblarga ishora qilib, Tojikistonga begona andozalarni qo’llash noto’g’riligini va ularning ish bermasligini ta’kidladi. Aksariyat saylovchilar barqarorlik uchun ovoz berganini aytadi.

Tojikistonliklar prezident saylovi sharofati bilan ikki sutkadan beri elektr energiyasi bilan ta’minlab qo’yilganliklaridan xursand.

“Saylov sharofati bilan svet o’chmayotir. 2-3 kundan so’ng yana o’chirishadi. Bizga qolsa, har kun saylov bo’lsin va har kun svet bo’lsin! Biz buning tarafdori. Chunku hamma yangiliklarni bilib turasiz. Lekin Imomalini saylayapmiz prezidentlikka. Negaki uni taniymiz va u mamlakatni yaxshi yo’ldan olib boradi... Xalqda yana bir gap borki, baribir Imomali prezident bo’ladi. Yonidagi nomzodlardan birortasi baribir bo’lmaydi... Chunki Imomali o’z o’rnini bo’shatmaydi... Endi u yog'ini xudo biladi”,-deydi saylovchilardan biri.

Farzandlari Rossiyaga ketgan ota-onalarning ba'zilari bolalari uchun ham ovoz bergan.

Imomali Rahmonovga ovoz bergan bir onaxon undan yaxshi nomzodni bilmasligini aytadi. Onaxon prezidentdan O’zbekiston bilan aloqalarni yaxshilashni kutmoqda.

“Prezident bo’lsa shunchalik bo’lar. Men shunga ovoz berdim. Undan yagona tilagim –O’zbekiston bilan yo’llarni ochishga harakat qilsa. O’zim O’zbekistonda tug'ilganman. Mani yagona tilagim shu! Yo’llarni ochsalar. Qolgan hamma narsa yetarli”!- deydi onaxon.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG