6 noyabr kuni Tojikistonda prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Amaldagi prezident Imomali Rahmonovdan tashqari bu mansab uchun yana to’rt nomzod kurash olib bormoqda. Mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar Tojikiston Kommunistik partiyasi deputati Ismoil Talbakov, Tojikiston Sosialistik partiyasi lideri Abduhalim G’afforov, Tojiksiton Iqtisodiy islohot partiyasidan professor Olim Boboyev, Tojikiston Agrar partiyasi rahbari Amir Qoraqulov, Tojikiston Xalq Demokratik partiyasidan nomzod etib ko’rsatilayotgan prezident Imomali Rahmonovning saylovoldi targ’iboti demokratik tamoyillar asosida bo’lganini aytishmoqda.
Imomali Rahmonovdan norozilar uchrasada juda ko’pchilik uning galabasiga shubha qilmaydi. Chunki hamma narsa uning qo’lida, hamma narsa uning vakolatida va nazoratida. Biroq ayrim kuzatuvchilar kommunist nomzod Ismoil Talbakov g’alaba qilmasada, saylovda salmoqli ovoz olishi bashorat qilinmoqda. Saylovchilar bilan uchrashuvda u millonlab tojikistonliklar dilidagi so’zlarni tilga oldi.
“Oziq-ovqat ta’minoti, ijtimoiy masalalar hal etilmagan ekan, odamlardan biron narsa talab qilib bo’ladimi? Albatta yo’q! Qorin och bo’lsa miya ishlamaydi. Bugun dasturxonni to’ldirish va qorni och qolmasligi uchun bir tirik jonga oyiga 170 somoniy pul kerak bo’ladi. Afsusuki, ko’p joylarda ta’minot 100 somoniyga, ba’zi joylarda 50 somoniy, agar talaba bo’lsa 24 somoniyga yetadi xolos”, - deydi kommunist partiyadan prezidentlikka nomzod Ismoil Talbakov.
Tojikiston Sosialistik partiyasidan nomzod Abduxalim G’afforov esa, respublikadagi xususylashtirish jarayoni noqonuniy o’tganini tanqid qiladi. Unga ko’ra, mamlakatda ko’plab korxonalar poraxo’rlik, qarindosh-urug’chilik, oshnobozlik kabi illatlar bilan odamlarga berib yuborilgan. Uning fikricha bu mol-mulklar haqiqiy egalarga olib berilishi lozim va talon-tarojlikka yo’l qo’ymaslik zarur.
Imomali Rahmonovdan tashqari qolgan ikki nomzod haqida ko’pchilik haligacha yetarlicha ma’lumot olmagan. Yana bir nomzod, respublika chorvachilik instituti direktori Amir Qoraqulov o’z sohasidan kelib chiqib, qishloq xo’jaligini ko’tarishni ustuvor vazifa deb biladi.
Tojikistonda saylov va referendumlar o’tkazish markaziy komissiyasi ma’lumotiga ko’ra prezident saylovlari demokratik tarzda o’tishiga kafolat bor. Nomzod ko’rsatgan siyosiy partiyalar vakillari va nomzodlarning o’zi bilan uchrashgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilari rahbari Vladimir Zaxarov ham bunga ishonch bildiradi. Uning aytishicha saylov raqobati uchun Tojikistonda barcha sharoit mujassamdir.
Markaziy saylov komissiyasi ma’sul xodimi Muxibillo Dadajonov Tojikistonda prezident saylovini kuzatish uchun olti yuzdan ortiq xalqaro kuzatuvchilar qayd qilinganini ta’kidlaydi. Uning aytishicha xalqaro kuzatuvchilarning saylov davomida va saylovdan so’ng ovozlarni xisoblash vaqtida kuzatuv olib borishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan.
Xalqaro tashkilotlardan birining vakili Baxtiyor Sattoriy prezidentlik uchun saylovoldi kampaniyasi xalqaro me’yerlarga asosan o’tayotganini aytadi.
“Prezidentlika nomzodlarning uchrashivlari demokratik tamoyillar asosida o’tayotganini belgilash mumkin. Ikkinchidan mahalliy rahbarlar saylov jarayonlariga aralashmaslik borasidagi ko’rsatmalarga amal qilmoqda. Uchinchidan Markaziy saylov komissiyasi, joylardagi komissiyalar ishining demokratik tarzda olib borishlariga maksimum harakatlar qilayotganini ta’kidlash lozim. Bunda xalqaro tashkilotlarning ko’magi katta bo’ldi”, - deydi Baxtiyor Sattoriy.
Haqligiga ishongan, lekin ovoz berishni istamagan ayrim saylovchilarga ko’ra, ular quttilar oldiga borsalar ham, bormasalar ham allaqachon prezident saylab bo’lingan. Uning kimligi aniq. Saylovdan o’n kun keyin o’tkaziladigan Oliy Majlis yig’ining belgilab qo’yilgani ham shundan dalolat beradi deydi ular.