O’zbekiston Konstitutsiyasining 14 yilligi munosabati bilan chiqish qilgan prezident Islom Karimovning aytishicha, asosiy qonun inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlamoqda.
Kuzatuvchilar fikricha, O`zbekistonda inson huquqlari poy-mol qilinishining bosh sababi - konstitutsiyaga amal qilmaslik.
Davlat rahbari Konstitutsiya kuniga bag`ishlangan tantanada 2007 yilni “Ijtimoiy himoya yili” deb e`lon qilishdan tashqari respublika demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini qurish yo`lidan bormoqda, deya ta`kidlagan.
O`zbekiston ommaviy axborot vositalaridagi bu xabarlardan farqli o'laroq, ko`pchilik fuqarolar konstitutsiyani shunchaki qog'ozda qolayotganini e'tirof etadi.
O`zbekistonning inson huquqlari kamsitilayotgan mamlakat sifatida tanilishiga sabab, deydi mutaxassislar, konstitutsiyaning hukumat idoralari tomonidan inobatga olinmasligidir.
Yaqinda AQSh O`zbekistonni diniy e`tiqod erkinligini poymol etayotgan alohida tashvishga molik davlat deb atadi. Garchand, bu e`tirof rasmiy hukumatning e`tirozlariga uchrayotgan bo`lsada, huquq himoyachisi Sur’at Ikromov ma`lumotlariga ko`ra, O`zbekistonda konstitutsion huquqlarning toptalayotgani, asosan, dindorlar misolida tasdiqlanmoqda.
“Konstitutsiya - bu davlatning asosiy qonuni, boshqa qonunlar unga muvofiq tarzda qabul qilinadi. Afsuski, mana 14 yil bo`libdiki, konstitutsiyaga amal qilinayotgani yo’q. Insonlarning konstitutsion huquqlari ta`minlanmagan. Shu darajaga borilganki, shuncha moddalar bor konstitutsiyada birorta fuqaro "shu modda meni himoya qilyapti" deb aytolmaydi, bunday odamlar qolmagan”, - deydi Sur’at Ikromov.
O`zbekiston prezidenti konstitutsiyaga bag`ishlangan tantanadagi nutqida fuqarolik jamiyatini qurish va aholi huquqlarini ta’minlashda odamlarning, siyosiy partiyalarning faolligini oshirish zarurati haqida gapirgan.
O`zbekistonda esa aynan faol odamlar hamisha ta’qib ostida ekanligi aytiladi. Konstitutsiya kuni munosabati bilan bir guruh huquq himoyachilari konstitutsiya targ`ibotiga bag’ishlangan namoyish o`tkazishni rejalagan, biroq ularning ko`pchiligi maxsus xizmat xodimlari tomonidan qo'lga olingan.
Bu namoyishga yetib kelishga muvaffaq bo`lgan faollardan biri konstitutsiya haqida shunday fikrlar bildiradi:
“Prezidentning o`zi konstitutsiya ustidan kulyapti. Necha yildan beri joyida o`tiribdi. Saylovlar, referendum qilyapti. Qur`onga qo`lini qo`ydi, nonni qimmatlashtirmayman dedi, o’sha nonni olib yeya olmaydiganlar ham bor”.
Uning fikriga ko`ra, tazyiq ko`rsatilavermasdan odamlarning o`ziga imkoniyat berilsa, nonni ularning o`zlari topadi.
“Men boshida hurmat qilgandim prezidentni. Yaxshi niyatda qilayotgandir balki. Lekin borgan sari yaxshi bo`layotgani yo`q-ku! Hatto mahalla saylovlarida ham qonunbuzarliklar bor. Bir odam chiqib ellik kishi uchun ovoz beradi. Shular natijasida konstitutsiya kulgiga aylanyapti. Prezidentning o`zi ham va'dasining ustidan chiqmayapti. Bu chet el uchun yoki ahmoqlar uchun chiqarilgan konstitutsiyaga aylanib qolmoqda”, - deydi u.
Konstitutsiya kuni munosabati bilan Qashqadaryoda “Birdamlik” harakati tomonidan ham namoyish mo’ljallangan, biroq tinch o’tishi kutilgan bu yig'ilish amalga oshmagan.
Harakat faollaridan biri Oysha Mahmanazarova shunday deydi:
“Bizga konstitutsiyaning 14 yilligi qata`gon bo`ldi, hammayoqni o`rab tashlagan, odamlar ko`chaga chiqolmay qoldi. Xalq hayron qolyapti, nega bunday bo`lyapti? Konstitutsiyani tinch bayram qilolmaymiz. Parad o`tkazish haqida hokimiyatga bergan arizamizdan keyin viloyat ichki ishlar boshqarmasi vakillari shu yerga kelgan”.
Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, O`zbekiston hukumati avtoritar siyosatni konstitusion huquqlar ta’minlanmoqda qabilidagi targ`ibotlar bilan niqoblamoqda. Bu esa fuqarolarning hukumatga, jumladan, konstitutsiyaga nisbatan ishonchini pasaytirmoqda.