Turkmaniston rahbari Saparmurod Niyozovning o’limi mazkur mamlakat istiqboli, fuqarolar taqdiri haqida turli taxmin va mulohazalar uyg’otmoqda. Qirg’izistonda o’qiyotgan turkmanistonlik talabalarning turkmanboshi vafoti haqidagi fikrlarini o’rgandik.
O’sh oliygohlaridan birida o’qiydigan turkmanistonlik talaba Gadam Allaguliyevning aytishicha, Turkmanboshining vafoti uni mamlakat kelajagi haqida o’ylashga majbur qilgan.
“Men bu xabarni eshitganimda juda yomon ahvolga tushdim. Hozir chuqur qayg’udaman. Turkmanistonning kelajagini o’ylayapman. Endi Turkmaniston prezidenti bo’lishga loyiq boshqa odam bordir. Turkmanistonni demokratik davlat deb bo’lmaydi. Turkmanistonning kelajagi uchun qayg’urayapman”, - deydi turkmanistonlik talaba.
Yana boshqa bir talaba fikriga ko’ra, Saparmurod Niyozov vafot etishi bilan mamlakatda hokimiyat uchun kurash boshlanadi. Talabaning aytishicha, Turkmanboshi mamlakat rivojlanishiga ozmi-ko’pmi hissa qo’shgan.
“Turkmanistonning siyosati, iqtisodiyotidan juda roziman. Chunki ko’p turkmanlar Turkmanboshi boshchiligida ko’p muvaffaqiyatlarga erishdi. Men bu borada hech qanaqa muammo yo’q edi deb bilaman”.
Ayni paytda Qirg’iziston rasmiylari Turkmaniston prezidentining vafoti munosabati bilan rasman biror bayonot bergani yo’q.