Breaking News

Shimoliy Koreya yadro dasturidan voz kechishga ko'ndi


Shimoliy Koreya yadro dasturi bo’yicha Pekinda o’tgan olti-tomonlama muzokaralarda nihoyat bitimga kelishildi. Rasmiy Pxenyan dasturni yopishga ko’ngan, biroq undagi yadro qurollari taqdiri alohida muzokaralarda muhokama qilinadi.

Muzokaralarga mezbonlik qilgan Xitoy delegatsiyasi rahbari Vu Davey (Wu Dawei) ishtirokchilarni nihoyat qo’lga kiritilgan shartnoma bilan tabrikladi. So’nggi muzokaralar olti kun davom etdi.

Janob Vuning aytishicha, Shimoliy Koreya Yongbyondagi asosiy atom inshootini yopishga, Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarma inspektorlarini mamlakatga qayta kiritishga va ularga mamlakatdagi barcha yadro materiallarni ko’rsatishga rozilik bergan.

Hamkorlik evaziga, deydi Xitoy muzokarachisi, Shimoliy Koreya yonilg’i bilan ta’minlanadi.

Agar dastur belgilangan muddat ichida, ya'ni 60 kun ichida yopilsa, Shimoliy Koreya muzokarada qatnashgan boshqa davlatlar – Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Yaponiya va AQShdan 50 ming tonna yonilg’i oladi.

Shartnomaga ko’ra, agar rasmiy Pxenyan yadro inshootlaridan butunlay xoli bo'lsa, kelajakda qo'shimcha 950 ming tonnagacha yonilg’i bilan ta’minlanadi.

Shartnoma, shuningdek, Shimoliy Koreyani AQSh va Yaponiya bilan aloqalarni iliqlashtirishga chaqiradi. Buning uchun ma’lum bir muddat belgilanmagan bo’lsada, shartnoma rasmiy Vashingtonni Shimoliy Koreyani terrorga yordam ko’rsatuvchi davlatlar ro’yxatidan olib tashlashni tavsiya qiladi.

Erishilgan shartnoma diplomatlarning uch yillik mehnati mevasidir. Oktyabr oyida Shimoliy Koreya ilk yadro sinovini o’tkazgan edi. Kuzatuvchilarga ko'ra, Shimoliy Koreya yadro dasturiga chek qo'ygani bilan, mavjud yadro qurollaridan voz kechmasligi mumkin. Ayrimlar mamlakatda ikkita, ayrimlar esa undan ortiq yadro qurollari bor, deb faraz qilmoqda.

XS
SM
MD
LG