Bugun Nyu-Yorkda AQSh va Shimoliy Koreya diplomatlari o’rtasidagi muzokaralarning ikkinchi kuni.
Maqsad – Pxenyan yadro dasturi bo’yicha xalqaro muloqotga qaytadimi-yo’qmi, shuni aniqlash. Yopiq eshiklar ortida o’tgan kechagi ilk uchrashuvni tomonlar “jiddiy” deya ta’rifladi.
Shimoliy Koreya delegatsiyasiga Tashqi ishlar vazirligi vakili Kim Kay Gvan yetakchilik qilmoqda.
Kecha Amerika maxsus elchisi Stiven Bosvort mehmonlarni Nyu-Yorkda kutib olib, tomonlar darrov ishga kirishdi. Bu – qariyb ikki yilda ilk muloqot.
Amerika, Xitoy, Yaponiya, Rossiya va Janubiy Koreya 2003-yildan beri birgalashib Shimoliy Koreyani yadro quroli yaratish rejasidan voz kechishga undab keladi.
Rozi bo’lsa, iqtisodiy jihatdan nochor shimol moliyaviy, energetik madad va diplomatik imtiyoz bilan siylanadi.
Ammo rasmiy Pxenyan 2008-yilda xalqaro muzokarani tark etib, sal o’tmay atom quroli va uzoq masofaga uchadigan raketasini sinagan edi.
Qudratli quroli bor Shimoliy Koreya regiondagi davlatlarni ham raketayu o’q-aslaha omborini oshirishga yetaklashi mumkin.
2009-yilda mintaqada Janubiy Koreyaga qarashli kema cho’kib, xalqaro tergov komissiyasi aybni Shimoliy Koreyaga qo’ygan edi, lekin Pxenyan buni uydirma, deydi.
O’tgan yilning noyabrida shimol janubni bombardimon qildi. Seul har ikki voqea uchun Pxenyan kechirim so’rashini talab qiladi.
Janubiy Koreya nazarida Amerika va kommunist davlat uchrashuvidan biror natija chiqishi amri mahol.
Xavotir shuki, Shimoliy Koreya murosaga ko’ngandek bo’lib, xalqaro hamjamiyatdan o’ziga kerakli yordam undirib, aslida atom quroli ustida izlanishda davom etayotgan bo’lishi mumkin.
Shimoliy Koreyaning BMTdagi elchisi Sin So Xo hafta boshida Amerikani tanqid qilib, yadro arsenali bobida dunyoda yetakchilardan bo’lmish bu davlat boshqalarga atom quroli borasida tanbeh berishga haqqi yo’q, degan.
Uning aytishicha, Amerika dastlab 1950-1953 yilgi Koreya urushini rasman tugatuvchi tinchlik bitimiga imzo chekishi, sanksiyalarni bekor qilib, diplomatik eshiklarni ochishi kerak.
Shundagina Pxenyan atom dasturidan kechish haqida o’ylab ko’radi.
Koreya yarim orolida urush 1950-yilda boshlanib, tomonlar otishmani to’xtatishga kelishib olgan, ammo tinchlik bitimi imzolanmagan edi. Ikki davlat hali ham urush holatida.