Breaking News

Shimoliy Koreya amerikalik jurnalistlarni vataniga qaytardi


Shimoliy Koreyada qamoqdan ozod etilib, sobiq prezident Bill Klinton bilan vataniga qaytgan amerikalik jurnalistlar har ikki davlatga va xalqqa minnatdorchilik bildirmoqda.

Lora Ling va Yuna Li ismli muxbirlar chegarani buzib o’tganlikda aybdor deb topilib, 12 yillik qamoq jazosiga loyiq topilgan edi.

Prezident Barak Obama Bill Klintonni usta diplomat va arbob deb atab, Amerika nimaiki kelishmovchilik bo’lsa, muloqot orqali yechish tarafdori deydi.

“Amerika va dunyo ahli shunki bilsinki”,- deydi Obama, “muzokaralar qanchalik mushkul va keskin kechmasin, til topishish mumkin".

Davlat departamenti va Oq Uy Shimoliy Koreya bilan Shveytsariya vositachiligida gaplashgan.

Pxenyan Bill Klinton bilan so’zlashishni istab, u kelsa jurnalistlar erkinlikka chiqishi mumkin deya ishora qilgan. Klinton, tajribali siyosatchi, kecha Pxenyanda Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Ir bilan uch soat mobaynida suhbatlashgan.

Klinton hali omma oldida gapirmadi, ammo rafiqasi Xillari Klinton, Davlat kotibasi - tashqi ishlar vazirasi, muloqot juda iliq kechganini aytmoqda. "Bu insonparvarlik safari edi, rasmiy emas",- deydi Klinton.

Vashington Shimoliy Koreya bilan uning yadroviy maqsadlari haqida gaplashmoqchi; uni atom qurollaridan voz kechishga ko’ndirib, xalqaro hamjamiyatga qo’shilishga undamoqda.

Janubiy koreyalik siyosatshunos Yun Dak-Min fikricha jurnalistlarni ozod etib, Bill Klinton bilan yonma-yon turib, Kim Cher Ir o’z nufuzini biroz oshirishga muvaffaq bo’ldi.

“Bu Shimoliy Koreya rahbarining xalqi oldidagi shuhratini oshirdi. U o’g’li Kim Chen Unni voris etib tanlagan va “mana biz hamon qudratli davlatmiz, xalqaro maydonda o’z o’rnimizga egamiz” deya ko’rsatishga urindi”,- deydi Seuldan turib, “Amerika Ovozi” bilan muloqot qilgan tahlilchi Yun Dak-Min.

Shimoliy Koreya propaganda vositalarini yaqinda o’rgangan mutaxassis Brayan Mayerz bu fikrga qo’shiladi.

“Shimoliy Koreyada hukumat xalqqa “biz atom qurollarimiz tufayli dunyodagi eng qudratli davlatmiz va bizni shu sabab hurmat qilishadi, bizdan qo’rqishadi” deb aytadi”. Lekin oxirgi paytda chet eldan biror ko’zga ko’ringan odam Pxenyanga bormagan edi. Mana Bill Klinton borib, Kim Chen Ir bilan bir davrada o’tirib, xalqqa uning hukumati hali ham muhim rol o’ynashini ko’rsatdi”,- deydi Brayan Mayerz.

Ammo, deya qo’shadi olim, uzoq yillardan beri ezilib yashayotgan xalq dunyodan qanchalik ajralib qolgan bo’lmasin, haqiqatni- Shimoliy Koreya yakkalanib qolgan davlat ekanini ham biladi.

XS
SM
MD
LG