AQSh sobiq prezidenti, 85 yoshli Jimmi Karter shu hafta Shimoliy Koreyaga safar qilib, qamoqdagi amerikalik faolni ozod qilishga urinib ko’radi. Ayjalon Mahli Gomes yanvarda ushlanib, chegarani noqonuniy kesib o’tgani uchun sakkiz yilga qamalgan edi.
Sobiq prezident Jimmi Karter AQSh vakili sifatida safar qilayotgani yo’q. Bu uning shaxsiy tashabbusi. Karter uyga bir o’zi emas, Gomes bilan qaytadi degan umid bor.
Ingliz tili muallimi Ayjalon Gomes yil boshida Xitoydan Shimoliy Koreyaga o’tgan. U kommunistik davlatda huquq ahvolidan astoydil kuyunib, omma e’tiborini jalb qilish uchun qilgan bu ishni, deydi faolning yaqinlari.
Shimoliy Koreya Gomesni sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etib, 700 ming dollar jarima solgan. Mahalliy matbuot xabariga ko’ra, muallim qamoqda o’z joniga qasd qilishga uringan. Shu oy boshida Davlat departamenti delegatsiyasi Pxenyanda bo’lib, Gomesni qo’yib yuborishni so’ragan edi. Ammo tashabbus ish bermadi.
O’tgan yili sobiq prezident Bill Klinton Shimoliy Koreyaga borib, amerikalik ikki mahbus – chegarani buzish aybi bilan qamalgan journalist ayollarni ozod qilishga muvaffaq bo’lgan edi.
Prezident Jimmi Karter 1994 yilda Pxenyanga safari chog’ida olamshumul yutuqni qo’lga kiritgani hali ham odamlar yodida. O’shanda Karterning undovi bilan Shimoliy Koreya yadroviy dasturidan voz kechgan, harbiy mojaroning oldini olgan edi. Ammo 2002 yilda Pxenyan-Vashington aloqalari yana taranglashgan – kommunistik davlat yadroviy izlanishlardan voz kechmagani haqidagi gumonlar tufayli.
Shu yil boshida esa Janubiy Koreyaga qarashli kema cho’kib, 46 dengizchi o’lgan, xalqaro komissiya voqeani tergov qilib, qo’shni Shimoliy Koreyani aybdor topgan. Shundan beri munosabatlar yana ham tarang.
Kommunist hukumat Pxenyanda xavfsizlik choralarini mahkamlab, qurolli kuchlar sonini oshirib, partiyaning 65 yilligi va kelasi oy rejalangan tantana, dabdabali yig’inga taraddud ko’rayotgani aytilmoqda.