Breaking News

Jimmi Karter Shimoliy Koreyaga borib, amerikalik faolni qamoqdan ozod qildi


Shu hafta Shimoliy Koreyaga safar qilgan AQSh sobiq prezidenti Jimmi Karter qamoqdagi faol, vatandoshi Ayjalon Mahli Gomesni ozod qilishga muvaffaq bo’lgan. Ayrimlar fikricha, bu tashrif Vashington-Pxenyan aloqalarini yumshatishga ham xizmat qiladi.

Tinchlik bo’yicha Nobel mukofoti laureati Jimmi Karter Shimoliy Koreyaga o’z tashabbusi bilan jo’nagan, bu rasmiy safar emas edi. U kommunistik davlat rasmiylari bilan kelishib, mahbusni qo’yib yuborishga ko’ndirgan.

Ayjalon Mahli Gomes yanvar oyida ushlangan, davlatga noqonuniy kirganlikda ayblanib, sakkiz yilga qamalgan va 700 ming dollar jarima bilan jazolangan edi.

Gomes bugun vataniga, ona shahri Bostonga qaytishi kutilmoqda. U avval Janubiy Koreyada ingliz tili muallimi bo’lib ishlagan. Hamkasbi, nasroniy faol Robert Pakdan ilhomlanib, Shimoliy Koreyaga yo’l olgan. Pak huquq muammolariga e’tibor qaratish maqsadida o’tgan yili chegarani noqonuniy kesib o’tgan, Shimoliy Koreyada qo’lga tushib, deportatsiya qilingan edi.

Shimoliy Koreya matbuoti xabariga ko’ra, Jimmi Karter kommunist rahbarlardan kechirib so’rab, bu kabi holat boshqa qaytarilmaydi, deb va’da bergan.

Tahlilchi Kim Xan Jung nazarida Gomesning ozod etilishi bejiz emas. Pxenyan Vashington bilan muzokaraga moyil va diplomatik tanglikdan xalos bo’lmoqchi.

Sobiq prezident safari chog’ida Shimoliy Koreya rahbari bilan uchrashmagan, faqat hukumat rasmiylari bilan ko’rishgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG