Breaking News

Amerika Shimoliy Koreyaga yangi iqtisodiy sanksiyalar qo’ymoqda


Qo’shma Shtatlar Shimoliy Koreyaga qarshi yangi iqtisodiy sanksiyalar qo’ymoqda. Kommunistik davlat agressiv siyosati uchun izolyatsiya qilinib, jazolanmoqda, deydi rasmiylar.

Davlat kotibasi Xillari Klinton va Mudofaa vaziri Robert Geyts bugun Seulga safar qilib, Janubiy Koreya ma’murlari bilan uchrashib, sanksiyalar haqida e’lon qilgan. Bu chora Shimoliy Koreyani jilovlab, qurol-aslaha savdosi, yadroviy faoliyatini nishonga oladi. Bu sohani moliyalovchi kompaniyalarni jazolaydi.

Davlat kotibasi Xillari Klinton “maqsad Shimoliy Koreya ahliga jabr berish emas”, deydi. “Xalq hukumatning nobop, noxolis siyosatidan uzoq vaqt azob tortib keladi. Sanksiya mana shu provokatsion, riyokor siyosatni nishonga oladi”, - deydi vazira.

Yakshanba kuni esa Qo’shma Shtatlar va Janubiy Koreya Sariq dengizda to’rt kunlik qo’shma harbiy mashqlarni boshlaydi.

Mart oyida Janubiy Koreyaga qarashli Cheonan kemasi cho’kib, 46 dengizchi halok bo’lgan edi. Xalqaro tergov xulosalariga ko’ra, Shimoliy Koreya tomoni kemaga torpedo otib, suvga g’arq qilgan. Biroq rasmiy Pxenyan buni rad etib keladi.

Qo’shma harbiy mashq va sanksiyalar mana shu voqeaga javobdir. Klinton va Geytsning Seulga safari esa Janubiy Koreyaga nisbatan xayrixoh siyosat, hamdardlik ramzi sifatida qabul qilinadi. Shimol qo’shni janubga hujum qilsa, yanada keskin jazolanadi, deydi rasmiylar.

Shimoliy Koreya rahbari, ancha keksayib qolgan, betob Kim Chen Ir qaltis harakat qilishi mumkin degan xavotir bor. O’ziga merosxo’r etib kenja o’g’li Kim Chen Unni tanlagan bu arbob agressiv siyosat yordamida ish ko’rishni biladi xolos, deydi tahlilchilar. Janubiy Koreya va Qo’shma Shtatlar har qanday xavf-xatarga qarshi ehtiyot chora ko’rishni ma’qul topmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG