Qo’shma Shtatlar va Janubiy Koreya harbiy kuchlari tez orada Sariq dengizda birgalikda mashqlar o’tkazishi kutilmoqda. Xitoy bu rejaga qarshi chiqmoqda.
AQSh Mudofaa vazirligi vakili Jeff Morrellning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Xitoy xavotirini tushunadi va hurmat qiladi, ammo reja bekor qilinmaydi.
Shu yilning bahorida Koreya yarimorolida janubga qarashli kema cho’kib, 46 dengizchi halok bo’lgan edi.
Xalqaro komissiya xulosasiga ko’ra, Shimoliy Koreya bu kemaga torpedo otib, suvga g’arq qilgan, ammo kommunistik davlat buni inkor etib keladi.
Ayni damda, AQSh, BMT va Shimoliy Koreya rasmiylari bugun Koreya yarimorolida, chegara hududida uchrashib, mana shu xususda gaplashmoqda.
Sariq dengizda harbiy mashqlar o’tkazish rejasi mart oyidagi bu mojarodan keyin e’lon qilingan edi.
“Bu mashqlar ochiq dengizda, xalqaro hududda amalga oshiriladi. Uni qachon, kim bilan va qay tarzda o’tkazishni AQSh harbiy floti, Pentagon, hukumat hal qiladi”, - deydi Jeff Morrell.
Mashg’ulotlarga qanday arsenal jalb qilinadi, bu haqda Morrell aniq gap aytmaydi. Shunisi ma’lumki, unda harbiy samolyotlarni tashuvchi yirik havo kemasi qatnashadi. Bu esa Xitoyni xavotirga solmoqda.
Pekin da’vosicha, AQSh-Koreya harbiy tashabbusi Xitoy suvereniteti, hududiy yaxlitligi va iqtisodiy taraqqiyotiga xavf solishi mumkin.
Mashqlar Shimoliy Koreya uchun ham tashvishli xabar. Harbiy flot sinovlari taxminan iyun oxiri, iyul boshiga rejalangan. Maqsad Janubiy Koreyaning mudofaa salohiyatini oshirish, dengizda har qanday agressiyaga javob qaytara olishini ta’minlash.
Tugal sana kelasi hafta, Mudofaa vaziri Robert Geyts va Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klintonning Seulga safari chog’ida aniq bo’ladi.