Kecha Shimoliy Koreya qo’shni davlatni o’qqa tutib, to’rt kishi halok bo’lgach, AQSh prezidenti Barak Obama “Janubiy Koreya ittifoqchimiz, bu davlatni himoya qilamiz” demoqda.
Prezident Barak Obama Janubiy Koreya rahbari Li Myun Bak bilan telefonda gaplashgan. AQSh prezidenti Pxenyanning xatti-harakatini qoralagan.
Seul va Vashington xavfsizlik bobida hamkorlikni davom ettiradi. Ikki davlat qo’shma harbiy mashqlar o’tkazishga kelishib olgan. Bu shu paytgacha hujumga nisbatan qilingan eng qat’iy javobdir. To’rt kunlik mashqlar yakshanba boshlanib, unda harbiy havo kuchlari ham jalb qilinadi.
“Mashqlar mudofaa maqsadini ko’zlaydi. Bu ancha oldin rejalab qo’yilgan edi”, - deydi AQSh Qurolli kuchlari so’zlovchisi Deyvid Oten.
Kommunistik davlat qo’shni janubning Yenpyong orolini o’qqa tutgan. Janubiy Koreya ham o’t ochishga majbur bo’lgan.
Vashington nazarida shoshib javob berishga hojat yo’q. Prezident Obama xalqaro hamjamiyatni Shimoliy Koreyaga nisbatan birgalikda chora ko’rishga undamoqda. AQSh rahbari, ayniqsa Xitoydan, Pxenyanning yaqin hamkoridan umidvor.
Prezident Koreya orolidagi ahvolni kuzatar ekan, kecha Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton, Mudofaa vaziri Robert Geyts va qo’mondonlar favqulodda majlis o’tkazgan.
Davlat departamenti Pxenyanni harbiy provokatsiyada ayblamoqda.
AQSh maxsus vakili Stiven Bosvort Osiyoda bo’lib qaytdi va prezident Obamaga hisobot berish arafasida. Rasmiy Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoyga safar qilib, Pxenyan yadro dasturi haqida maslahatlashgan.
Oy boshida Shimoliy Koreya uranni boyitish ishlarini qayta boshlagani ayon bo’lgan edi. Davlat departamenti vakili Mark Tonerning bildirishicha, Pxenyan dastlab esini yig’ib olishi kerak.
“Shimoliy Koreya provokatsiya yo’lini tanlagan. Bu yo’l bilan murosa qilish qiyin”, - deydi rasmiy.
Janubiy Koreya parlamentida bugungi majlis chog’ida qonunchilar Mudofaa vaziri Kim Tae Youngni tuzlagan. Qonunchi Song Young Sun nima uchun voqea bor-yo’g’i prokokatsiya deya ta’riflanmoqda, deya so’raydi. Tinch aholini bombardimon qilish urushdir, deydi u. Agar Janubiy Koreya armiyasi qo’shnidan tushgan raketa-snaryadlarni kuzata olmasa, hujumning oldini ololmasa, bunday armiyaning keragi yo’q, deydi deputat.
Shimoliy Koreya hujumidan 13 daqiqa o’tibgina, Janubiy Koreya qurolli kuchlari javob qaytara boshlagan. Nima uchun bunday uzoq o’ylandik, deb so’raydi u.
Ikki davlat 1950 yilda urush qilgan va otishmani vaqtincha to’xtatishga kelishib olgan. Sulh imzolanmagan ekan, ikki davlat hamon urush holatida.
Xitoy, Shimoliy Koreyaning iqtisodiy hamkori, hujum va yadroviy izlanishlarni ochiq tanqid qilmayapti.
Tahlilchi Bryus Klinger nazarida Xitoyning bunday siyosati AQShga pand bermoqda. Pekin xalqaro qonunlarni ishga solishi, Shimoliy Koreyaga ta’sir o’tkazishi kerak, deydi u. Xitoy esa buning aksini qilib, Pxenyan bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlamoqda.
G’arb davlatlari Shimoliy Koreyani ig’voda ayblayotgan bir paytda Xitoy matbuoti na janub, na shimolga nisbatan ochiq tanqiddan qochmoqda.
Xitoy ommaviy axborot vositalarida Shimoliy va Janubiy Koreya o’rtasidagi otishma haqida batafsil ma’lumot olish mumkin. Lekin, garchi g’arb izohicha, hujumni Pxenyan boshlagan bo’lsa-da, Xitoy gazeta-jurnallari aybdor mana, deb barmoqni bigiz qilmayapti.
Bu davlat matbuotini kuzatar ekansiz, rasmiy bayonotlar ko’rinmaydi. Birgina “Global Times” bugungi maqolada Shimoliy Koreyani “shijoatli" deb maqtagan.
Tahlilchi Denni Roy buning hech ajablanarli yeri yo’q, deydi. “Xitoy Shimoliy Koreyaning yonini olib kelgan va boshqa davlatlarni sabr-toqatli bo’lishga undashda davom etadi”, - deydi u.
Roy nazarida Xitoyning maqsadi Shimoliy Koreya hukumatini qo’llab-quvvatlash.
“Bu davlat tanazzulga uchrab, qulashi Xitoyga kerak emas. Shunday ekan, Pekin Pxenyanni tashqi bosimdan, kommunistik davlatning asabiga tegadigan siyosatdan pana qilish qarorida qat’iy”, - deydi olim.
Seshanba kungi otishmadan so’ng Xitoy faqat tashvish bildirib, shimol va janubni tinchlik yo’lida muloqotga chaqirgan.
Ba’zi tahlilchilar fikricha, Xitoy ikki o’t orasida qolgan – bir tomonda qo’shnisi Shimoliy Koreya, ikkinchi tomonda Pekindan faolroq bo’lishni talab qilayotgan xalqaro hamjamiyat.
Shanxaydagi Fudan Universiteti professori Kay Jian deydiki, Xitoyga yog’ilgan tanqidlar asossiz. Pekin Shimoliy Koreyaning fe’l-atvoridan norozi. Lekin AQSh va Janubiy Koreya o’rtasida kuchayib borayotgan ittifoqni ko’rar ekan, Xitoy kommunistik davlatni qo’llab-quvvatlashga, regionda muvozanatni ta’minlashga majbur, deydi olim.
Biroq Shimoliy Koreyaning xatti-harakatlari Xitoy manfaatlariga tahdid sola boshlasa, Pekinning sabri tugashi aniq, deydi professor Jian.