Breaking News

AQSh Janubiy Koreyani yoqlab, Shimoliy Koreyani agressiyada ayblamoqda


Janubiy Koreya, qo’shnisi Shimoliy Koreyani uning kemasini cho’ktirib, 46 dengizchini o’ldirganlikda ayblar ekan, urush ehtimoli kuchaymoqda.

AQSh prezidenti Barak Obama Janubiy Koreyani yoqlab, kommunistik davlatni jazolash rejasini qo’llab-quvvatlagan. Amerika harbiylari Janubiy Koreya tomoni bilan ishlab, har qanday agressiyaning oldini olishga tayyor, deydi Obama.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bugun Pekinda so’zlab, vaziyatni “juda xatarli” deb ta’riflagan. Vazira Xitoy hukumati va qo’shni davlatlar bilan favqulodda majlis qilar ekan, chorshanba kuni Seulda ham bo’ladi.

Janubiy Koreya prezidenti Li Myun Bak, “BMT Xavfsizlik Kengashi Pxenyanga qarshi sanksiya qo’llashi kerak” demoqda. Kommunistik davlat savdo kemalari endi Janubiy Koreya dengiz hududi orqali o’tishi man qilinadi, tijoriy aloqalar to’xtatiladi, deydi prezident Li.

Davlat kotibasi Xillari Klinton bu choralarni qo’llab-quvvatlaymiz, deydi. Janubiy yarim orolda AQShning 28 ming sonli qo’shini bor.

“Prezident Lining talabi o’rinli”, - deydi Klinton. “Shimoliy Koreya agressiv hatti-harakatni bas qilishi kerak. Qo’shma Shtatlar Seul tomonda va uni mudofaa qilishda davom etadi. Prezident Obama harbiy qo’mondonlarga ko’rsatma berdi – ular Janubiy Koreya qurolli kuchlari bilan muntazam aloqada. Bunday hujumlar takrorlanishiga yo’l qo’yilmaydi”, - deydi vazira.

Ikki davlat Koreya yarim orolida qo’shma harbiy choralarni kuchaytirish haqida o’ylanib qolgan.

Shimoliy Koreya “ terrorizm homiylari ro’yxati”ga qayta kiritiladimi degan savolga Xillari Klinton:

“Buning dalil-isboti bo’lsa, Qo’shma Shtatlar chora ko’radi”,- deya javob qilgan.

Xalqaro komissiya xulosasiga ko’ra, o’tgan oy ikki davlat hamon talashayotgan dengiz hududida Shimoliy Koreya Janubiy Koreyaga qarashli harbiy kemaga torpedo otib, uni cho’ktirgan. 46 dengizchi o’lgan. Pxenyan buni soxta ayblov demoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG