Breaking News

AQSh Pxenyanga yana bir imkoniyat bermoqda


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Tailannda Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi - ASEAN sammitida ishtirok etar ekan, Shimoliy Koreya masalasini ko'targan. Uning aytishicha, Pxenyan yaqinda qilgan provokatsion harakatlari tufayli do'st-davlatlarsiz qolgan. Biroq, deydi Klinton, agar Shimoliy Koreya olti tomonlama muzokaralarga qaytsa va qurolsizlanish shartlariga ko'nsa, vaziyatni yaxshilashi mumkin.

Klintonning aytishicha, Shimoliy Koreya muzokaraga qaytishining o'zi kifoya emas, undan jahon hamjamiyati uchun naf bo'lishi lozim. Agar yadro dasturini tugatish rejasini aniq qilib bildirsa, qator davlatlar unga ko'p sohalarda yordam qo'lini cho'zishga tayyor bo'ladi.

"Aloqalar butunlay tiklanadi, doimiy tinchlik o'rnatiladi, yonilg'i va iqtisodiy sohada Shimoliy Koreyaga madad beriladi. Ungacha esa manfaatlarimizni himoya qilish uchun zarur choralarni ko'ramiz, chunki Pxenyaning hozirgi hulqi unga ishonch tug'dirmaydi," deydi Klinton.

AQSh davlat kotibi anjuman doirasida Xitoy, Rossiya, Yaponiya va Janubiy Koreya rasmiylari bilan uchrashgan.

Shimoliy Koreya rasmiylariga ko'ra, olti tomonlama muzokaralardan foyda yo'q, chunki undan biror natija chiqmagan. Qo'shma Shtatlar dushmanona munosabatini o'zgartirmas ekan, muzokaraga qaytilmaydi, deydi ular.

AQSh delegatsiyasi Tailandda Shimoliy Koreya rasmiylari bilan muloqot qilmagan, ammo tanqidga uchrayotgan yana bir davlat - Birma vakillari bilan so'z almashgan.

"Birma ba'zi masalalar bo'yicha to'g'ri yo'ldan ketmoqda, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilmoqda. Bu oldin bo'lmagan, shuning uchun bundan mamnunmiz," deydi Xillari Klinton.

AQSh rasmiylariga ko'ra, rasmiy Vashingtonning Birmaga nisbatan siyosati va Amerikaning kelajakdagi sarmoyalari u yerdagi siyosiy faol Au San Su Chi ustidan bo'ladigan sud hukmiga bog'liq. Agar Nobel mukofoti laureatiga yangi qamoq jazosi belgilansa, munosabatlar hali-beri yaxshilanmasligi mumkin.

XS
SM
MD
LG