Breaking News

Shimoliy Koreyada qirolsiz monarxiya


Janubiy Koreya razvedkasiga ko'ra, Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Ir kenja o'g'li Kim Chen Unni o'z vorisi sifatida rasman tayinlagan. Bo'lajak rahbar 25 yoshda. Kim Chen Irning uchinchi xotinidan tug'ilgan. Shveysariyada ta'lim olgan.

Kim Chen Un Amerika basketboli bilan qiziqadi, afsonaviy basketbolchi Maykl Jordan muxlislaridan. Davlat ishlari bilan hech qachon shug'ullanmagan.

Janubiy koreyalik tahlilchi Li San Xyunning aytishicha, Shimoliy Koreyaning so'nggi yadro sinovi vorisni hokimiyatga keltirish bilan bog'liq.

"Agar Shimoliy Koreya yadro davlatiga aylansa, u bilan xalqaro sahnada hisoblashishadi, muzokaralarda AQShdan ko'p narsa undirib olish mumkin bo'ladi. Bu esa yangi rahbarni hokimiyatga keltirishda qiyinchiliklar tug'dirmaydi," deydi mutaxassis.

Razvedka ma'lumotlariga ko'ra, kelasi bir necha hafta ichida o'rta va uzoq masofali raketalar sinovdan o'tishi mumkin.

Janubiy Koreya prezidenti Li Myan Bak Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi sammitida ishtirok etib, a'zo davlatlarni shimolga nisbatan qattiqroq siyosat yuritishga chaqirgan.

Rasmiy Pxenyan sanksiyaga uchrasa, javob chora ko'rishini aytmoqda.

Rossiya va Xitoy tashqi ishlar vaziri o'zaro muloqot qilib, Shimoliy Koreyaga bosimni kuchaytirib, uni muzokaralarga qaytarish kerak degan xulosaga kelgan.

Tokioda esa Yaponiya Bosh vaziri Taro Aso AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Jeyms Staynbergni qabul qilib, BMT Xavfsizlik Kengashi Pxenyanga qo'shimcha sanksiyalarni o'z ichiga olgan rezolyutsiya qabul qilishi lozim degan fikr bildirgan.

XS
SM
MD
LG