Breaking News

AQSh: Shimoliy Koreya Suriyaga atom bobida ko'maklashgan


AQSh razvedkasiga ko’ra Suriya Shimoliy Koreya yordamida atom reaktori qurishga uringan.

Biroq BMT Atom agentligi ushbu da’voni tekshira olmaydi, chunki mazkur yadroviy inshootni o’tgan yili Isroil havo kuchlari portlatib yo’q qilgan.

Atom agentligi Oq uyni bu ma’lumotlarni ommaga ertaroq havola etmaganlikda tanqid qilmoqda.

AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi rahbari Maykl Xeydenning aytishicha, jurnalistlarga havola etilayotgan rasmlarda Suriya atom reaktori aks ettirilgan. Suriya Shimoliy Koreya ko’magida plutoniy ishlab chiqarmoqchi bo’lgan, deydi Xeyden.

AQSh barcha ma’lumotni tekshiruv uchun BMT Atom agentligiga taqdim etgan va Suriyadan tushuntirish talab qilmoqda.

Ayblovlar AQSh va yana besh mamlakat Shimoliy Koreyani atom dasturi haqida to’liq hisobot berishga undayotgan bir paytga to’g’ri keladi. Rasmiy Pxenyan shuningdek bu yo’nalishda qaysi davlatlar bilan hamkorlik qilganini ayon etishi kerak.

Suriyaning BMTdagi elchisi Bashar Jafari Shimoliy Koreya bilan hamkorlik qilganimiz yo’q deydi. Biroq AQSh razvedkasi bergan video va sun’iy yo’ldosh orqali olingan rasmlarda Suriya atom inshooti va reaktorining tuzilishi Shimoliy Koreyanikiga juda o’xshash ekani aytiladi.

Suriyaning AQShdagi elchisi Imad Mustafo “Oq uy mish-mish va soxta dalillarni to’qishga usta” deydi. Uning aytishicha Isroil o’tgan yili atom inshooti deya bo’m-bo’sh harbiy binoni portlatgan.

AQSh qonunchilari Bush ma’muriyati maxfiy deb ta’riflagan bu ma’lumotlar haqida ertaroq xabardor qilinmaganidan norozi.

Vashington Suriyani terrorizm homiysi deb keladi. Uning maxfiy yadroviy faoliyatini esa “mintaqa tinchligi va barqarorligiga jiddiy tahdid” deb ta’riflamoqda.

XS
SM
MD
LG