Breaking News

BMTda Shimoliy Koreyani qanday jazolash ustida muzokaralar


Shimoliy Koreya janubdagi qo’shnisi bilan yarim asrlik sulh shartnomasini bekor qilgach, Janubiy Koreya armiyasi va AQShning bu mamlakatdagi qo’shinlari shay holatga keltirilgan.

Shimoliy Koreya shu hafta yana bir yadroviy sinovni amalga oshirgani ketidan mintaqada vaziyat ancha tarang.

BMT Xavfsizlik Kengashida Shimoliy Koreyaga nisbatan jazo choralari, jumladan yangi sanksiyalar muhokamada. Pekinga safar qilgan AQSh senatori Jon Kerri Xitoy rezolyutsiyani qo’llab-quvvatlaydi deb ishonch bildirmoqda. Pxenyan bilan aloqa yurituvchi kam sonli davlatlardan biri bo’lmish Xitoy masalaga muvozanatli yondashuv tarafdori.

BMT qarorgohida muzokara ketar ekan, yangi sanksiyalar deganda moliyaviy cheklov va qurol-yarog’ embargosi, mamlakatda kirib chiqayotgan yuk nazoratini kuchaytirish hamda chet davlatlardagi hisob raqamlarni muzlatish nazarda tutilmoqda.

Prezident Barak Obamaning xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jeyms Jouns so’zlariga ko’ra, “xalqaro sahnada tobora ko’proq davlatlar Shimoliy Koreya va Eronga yadro salohiyatini rivojlantirishga yo’l qo’ymaslik lozim degan fikrga qo’shilmoqda”.

“Gap ularning birovga hujum qilishida emas, yadro quroli texnologiyasini undan foydalanishga tayyor mamlakatlarga sotishida”.

“Rossiya, Xitoy, Hindiston ham Shimoliy Koreyaning, Eronning maqsadi nima deb so’ramoqda”, -deydi general Jouns. “Yadroviy material va qurollar tarqalishini oldini olish masalasida bu davlatlar Qo’shma Shtatlar bilan bosh qovushtirayotgani, o’zaro kelishuv, konsensus asosida hal etishga intilayotgani quvonchli hol”.

XS
SM
MD
LG