Breaking News

Rossiya, Amerika raketa mudofaa tizimi borasida kelisha olmayapti


AQSh va Rossiya generallari Vashingtonning Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini joylashtirish rejasini muhokama qilishda davom etmoqda.

Rossiya tizim unga qarshi qaratilgan degan fikrda. Amerika esa tizimdan maqsad Erondan Yevropaga chiqarilishi mumkin bo’lgan raketa hujumi ehtimolining oldini olishdan iborat, deydi.

AQSh taklif qilayotgan raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi Polsha va Chexiyada o’rnatiladi. Tizim sobiq Sovet Ittifoqi chegaralari yaqinida joylashadi.

Rossiya strategik raketa kuchlari qo’mondoni general Nikolay Solovsov tizimni Rossiyaga tahdid deb biladi.

Agar Polsha va Chexiya hukumatlari AQSh tizimining o’z hududida joylashtirilishiga ijozat bersa, Rossiya mazkur davlatlarni potensial nishon sifatida ko’radi, deydi general.

AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays general Solovsovning mulohazalarini “noo’rin” deb atadi.

“Menimcha, Eron yadro dasturi kasb etgan xavf barchaga ravshan. Shunga yarasha chora ko’rilishi tabiiy. Biz o’z xavfsizligimizni ta’minlamoqchimiz”, dedi Kondoliza Rays.

Agar Eron Amerikaga qit’alararo raketa hujumini amalga oshiradigan bo’lsa, Polsha va Chexiya raketani urib tushirish uchun eng qulay joy hisoblanadi.

AQSh raketa mudofaasi agentligi direktori general-leytenant Genri Oberingning so’zlariga qaraganda, mudofaa tizimi o’z ichiga Yevropada 10 ta, Alyaskada 40 ta va Kaliforniyada 4 ta raketa urib tushirish moslamalarini oladi.

“Qurilish ishlari taxminan 3-4 yil oladi”, deydi AQSh generali.

AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, Rossiya Qo’shma Shtatlarning bu rejalaridan ancha avval xabardor qilingan va Vashington bu masalada Moskva bilan muzokara qilishda davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG