Breaking News

Obama va Medvedev kelishmadi


Obama va Medvedev kelishmadi
Obama va Medvedev kelishmadi

Fransiyada "Katta Sakkizlik" sammiti doirasida AQSh va Rossiya rahbarlari yuzma-yuz gaplashgan. Prezidentlar Barak Obama va Dmitriy Medvedev munosabatlari samimiy ekani ko’zga tashlanadi. Biroq qarashlarda farq ham serob.

Qo’shma Shtatlar Sharqiy va Markaziy Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o’rnatishni ko’zlaydi. Proyekt 2020 yilga qadar bitishi kerak.

Rossiya o’z chegaralari yaqinida rejalangan bu tizimni tahdid deb biladi.

Medvedev taklifi shuki, mudofaa tizimini kelgusi avlodlar hal qilsin. “Biz esa poydevor qo’yib beramiz”, - deydi u.

Qo’shma Shtatlar Kremlni tinchlanishga undab, bu - Eron, Shimoliy Koreya kabi g’anim davlatlarga qarshi chora, deb keladi.

“Amerika qurol poygasi boshlamoqchi degan taxminlar ham asossiz”, - deydi Barak Obama.

Haqiqatan, AQSh rahbari strategik qurollardan qutulish siyosatini olib bormoqda.

Barak Obamaning aytishicha, ikki davlat muzokarani davom ettirishga kelishib olgani ham katta yutuq.

Prezident Jorj Bush taklif qilgan va quruqlikda qad ko’tarishi kutilgan bu loyihani Obama o’tgan yili anchayin qisqartirgan. Rossiya bilan maslahat qilib, yangisi ustida ish boshlagan edi.

Obama olg’a surgan sistemaga yengil, qisqa masofaga uchuvchi va asosan dengizda joylashgan raketalar jalb qilinadi.

Bu tuzatish va ishontirishlarga qaramay, Rossiya shubhada. Bugun emas, kelgusida biror qurolli mojaro ro’y berishi mumkin. Shunda mazkur sistema bois Rossiya o’zini mudofaa qila olmasligi mumkin.

AQSh rahbari bugun Polshaga yo’l olib, aynan mana shu mudofaa tizimi haqida fikr almashadi.

Bu – Obamaning Polshaga, NATO yaqin hamkori sanalmish davlatga birinchi safari. Ikki kunlik tashrifi davomida xavfsizlik va siyosatga doir masalalar muhokama qilinadi.

Obama prezident Bronislab Komorovski bilan ko’rishib, kechki payt markaziy va sharqiy Yevropa yetakchilari yig’inida qatnashadi.

Polsha Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiyning aytishicha, bu davlatda tez orada Amerika harbiy havo kuchlarining kichik bo’linmasi joylashadi. Vazir tafsilotlar haqida lom-mim demagan.

Obama Polsha tabiiy gazi borasida ham muzokara qiladigan. Yevropaning to’rt davlati – Irlandiya, Britaniya, Fransiya va Polsha bo’ylab safarini tugatib, hafta oxirida prezident Amerikaga qaytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG