Breaking News

O’zbekistonda ikki dindor qamoqqa tashlandi


Inson huquqlari bo`yicha Yevropa sudi qaroriga qaramasdan Rossiyadan O`zbekistonga qaytarilgan Rustam Mo`minov ustidan Surxondaryo viloyatida o`tgan sud uni taqiqlangan diniy tashkilotga a`zolikda va ekstremizda ayblab, besh yarim yil qamoq jazosiga hukm qilgan.

Mo`minovning O`zbekistonga qaytarilishi noqonuniy ekanligi haqida inson huquqlari bo`yicha Yeropa sudining qarori mavjud.

Andijonda esa shu yilning yanvar oyida Milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan ushlangan nasroniy pastor Dmitriy Shestakovga 4 yil qamoq jazosi berildi.

Shestakov noqonuniy diniy tashkilot tuzishda va uni mahalliy aholi orasida targ`ib qilishda ayblangan.

Sudda Shestakovdan musodora qilingan adabiyotlar va kassetalar ashyoviy dalil sifatida keltirib o`tilgan.

Ta'kidlanishicha, musulmonlarlarning diniy e’tiqodlari uchun ko`rsatilayotgan tazyiqlar avval ham bo’lgan bo`lsa, nasroniy oqimdagi guruhlarga nisbatan tazyiqlar so`nggi ikki yil oralig`ida kuzatilmoqda.

Ayrim kuzatuvchilar bungacha nasroniylik oqimiga targ’ib qilish O`zbekiston ko`chalarida hech qanday qarshiliksiz amalga oshirib kelganini eslashadi.

Huquq himoyachisi Surat Ikromov fikriga ko`ra, o`zi musulmon bo`lgan mahalliy aholi orasida boshqa dinlarga qiziqish holatlari bor va ularga nisbatan ota-onalar qarshiligi va MXX vakillarining tazyiq ko`rsatish hollari mavjud.

“Biroq bu holatlarni ommaviy deb ayta olmayman. O`zbekiston qonunlariga ko`ra, fuqarolar xohlagan diniga e`tiqod qilishi ya yoki umuman e`tiqod qilmasligi mumkin, bu ularning huquqi”, - deydi Surat Ikromov.

XS
SM
MD
LG