Breaking News

Rasmiy Toshkent sanksiyalar asossiz va noxolis deb hisoblaydi


O'zbekiston Tashqi ishlar vaziriligi Yevropa Ittifoqi tomonidan e'lon qilingan sanksiya muddati uzaytirilishi yuzasidan bayonot chiqargan.

Unda "sanksiyalar asossiz va noxolis deb baholangan. Sanksiyalar Yevropa Ittifoqi va O'zbekistonning manfaatiga mos hamkorlik dasturlarini amalga oshirishga xizmat qilmaydi" deyiladi.

Sanksiyalar O`zbekistonga qurol-aslaha sotishni bir yilga taqiqlaydi. Yevropaga kirishi taqiqlangan rasmiylar ro`yxatidan esa, ma`lumotlarga ko`ra, amaldagi mudofaa vaziri Ruslan Mirzoyev, sobiq mudofaa vaziri Qodir G`ulomov, Andijon viloyatining sobiq hokimi Saydullo Begaliyev, Mudofaa vazirligining yana bir sobiq rasmiysi Ismoil Ergashevlarning ism-sharifi olib tashlangan.

Sanksiyalar muhokama qilingan kunning ertasigayoq O`zbekiston Adliya vazirligi Germaniyaning Gyote instituti faoliyatiga nisbatan e`tiroz bildirdi.

Kuzatuvchilar fikricha, bu rasmiy Toshkentning sanksiyalarga nisbatan javobi sifatida qabul qilinishi mumkin.

Toshkentdagi Gyote instituti rahbari kotibining aytishicha, u institutga nisbatan O`zbekiston Adliya vazirligi e`tiroz bildirganidan bexabar. Bu haqda faqat rahbariyat bilan gaplashish mumkin, rahbariyat esa yaqin vaqtlarda bo`shamaydi.

Adliya vazirligi ma’lumotiga ko`ra, Gyote instituti O`zbekiston qonunlarini buzmoqda. Bu qonunbuzarlik tuzatilmasa, tegishli chora qo`llanilishi mumkin.

Ko`pgina ekspertlar sanksiyalar yumshatilgan tarzda qoldirilganini, Yevropaga kirishi taqiqlangan rasmiylar ro`yxatining 12 tadan 8 kishiga tushirilishini O`zbekistonga nisbatan pozitsiya yumshagan deb baholashmoqda.

Demokratik tashabbuslar markazi rahbari Iskandar Xudoyberganov fikriga ko`ra, aksincha, taqiq olingan rasmiylarning aksariyati sobiq amaldorlar. Yevropa Ittifoqi O`zbekiston bilan prinsipial muloqotni boshlamoqda, diniy ta’qibga uchragan mahbuslarni, huquq himoyachilarini ozod etishni talab qilmoqda.

“Yevropa Ittifoqi muloqot uchun barcha imkoniyatlarni qidirib ko`rayapti, lekin O`zbekiston hukumati eski yo`ldan bormoqda. Albatta, bunday sharoitda munosabatlar keskinlashib boradi”, - deydi Xudoyberganov.

“Mazlum” inson huquqlari tashkiloti rahbari A`zam Turg`unov ta’biricha, aslida sanksiyalarni kuchaytirish lozim edi. Chunki hukumat uchun bu masalaning qanday hal etilishi ahamiyatsiz.

“Hozirgi hukumatning xarakteridan kelib chiqib, shunday xulosa qilish mumkin, sanksiyalar o`n martaga kuchaytirilgan taqdirda ham ular uchun ahamiyatsiz, lekin intellektual qatlam uchun bu sharmandalik. Men sanksiyalarni kuchaytirish tarafdoriman. Uzaytirilishi O`zbekiston hukumatining xalqaro hamjamiyatga bergan va’dalari bajarilmaganini anglatmoqda”, - deydi u.

Andijondagi namoyishlar hukumat tomonidan bostirilgach, Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga qurol aslaha sotishni, shuningdek, namoyishni qurol yordamida bostirishda ishtirok etgan 12 nafar O`zbekiston rasmiylarining Yevropaga kirishini taqiqlab, sanksiya joriy etgan edi.

Kuzatuvchilar nazarida O`zbekistonda inson huquqlari bo`yicha sezilarli o`zgarish bo`lmagan bir paytda bunday qarorga kelinishi Yevropa Ittifoqining O`zbekiston hukumati bilan muloqotni davom ettirish istagidan dalolat beradi.

Sanksiyalar yana olti oydan so`ng muhokama qilinadi.

XS
SM
MD
LG