Breaking News

Fojiadan uch yil o'tib, Andijonni kim eslaydi?


2005 yilning 13 mayi nafaqat Andijon, balki bugun mamlakat ahli uchun qayg’uli kun bo'lgan. Ammo oradan uch yil o’tib ham, o’sha mash’um damlarda aslida nima bo’lgani mavhum qolmoqda.

Hukumat va tashqi dunyo fojiani turlicha talqin qiladi va bir-birining izohlariga ko’p jihatdan qo’shilmaydi.

Xalqaro tashkilotlar, G’arb rasmiylari voqea mustaqil tergov qilinmaganini afsus bilan tilga oladi. Islom Karimov rahbariyatiga ko’ra, o’sha kun ajnabiy kuchlar tomonidan quvvatlangan ekstremistlar mamlakat tinchligiga tahdid solgan, tuzumni barbod qilishga uringan.

Hukumat tanqidchilari nigohida esa amaldagi siyosatdan norozi kishilar namoyishga chiqqan va bundan g’azabga kelgan ma’muriyat ularga qarata o’t ochishni buyurgan. Ba’zilar esa bu bahslarni chetga surib, voqeadan to’g’ri xulosa chiqargan holda, kelajak haqida o’ylash kerak deya maslahat beradi.

Hukumat fojiada 187 kishi halok bo`lgan desa, huquq himoyachilari qurbonlar soni bir necha barobarga ko`pligini ta`kidlaydi.

O`zbekiston Bosh Prokuraturasiga ko’ra, Andijon voqealari hukumatni ekstremist tashkilotlar tomonidan aksilkonstitusiyaviy ravishda egallash, Farg’ona vodiysida islom davlati qurush uchun uyushtirilgan. Bu boradagi sud jarayonlari esa deyarli yopiq tarzda o`tdi. 400 dan ortiq kishi qamoqqa tashlangan.

“Sudlar yopiq, e`lon qilinmasdan, berk holda o`tgan. O`sha paytda bu yerda Human Right Watch xalqaro tashkiloti vakili bor edi. Biz ular bilan sudlarga qatnashishga harakat qildik, lekin birorta sudga bizni qo`yishmagan, hatto ayblanuvchilarning qarindoshlarini ham. 450 yaqin odam bor. Ayrimlar yaqinlari qaysi qamoqxonada saqlanayotganini hozir ham bilishmaydi”, - deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

13 maydan keyin 400 dan oshiq kishi qochqinga aylandi va mamlakatni tark etib, qo’shni Qirg’izistonga o’tdi. U yerdan BMT Qochqinlar agentligi yordamida turli davlatlardan boshpana oldi. Ularning bir nechasi keyinroq turli sabablar bilan vatanga qaytdi.

O`zbekistonda tan olinmagan muxolifatga ko`ra, Andijon voqelari millat tarixidagi qonli fojealardan biri sifatida qoladi. Hukumat, deydi ular, bu voqealarni unutishga harakat qilmoqda.

“Hukumatning munosabatida aniq bir narsa ko`rinib turibdi, haqiqatni aniqlashtirishga imkon yo`q, haqiqatni bilgan odamlar aziyat chekmoqda ”, - deydi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.

Andijon fojialari G’arb va O`zbekiston aloqalarining keskinlashgan nuqtasi bo`ldi. Hukumatni o’z xalqiga nisbatan kuch ishlatishda ayblagan G`arb, xususan AQSh bilan aloqalar uzildi. Yevropa esa O`zbekistonga nisbatan sanksiyalar joriy etdi.

Bugunga kelib munosabatlar bir qadar iliqlashgani sezilmoqda. Andijon fojialari izchil tekshirilmas ekan, deydi Surat Ikromov, G`arb va O`zbekiston aloqalari to`la ma’noda tiklanadi deb bo`lmaydi.

“Kimlar aybdor, otishga kim buyruq bergan, nimaga har xil raqamlar 5000, 1000 odam bor deyiladi namoyishda. Nega O`zbekiston fuqarolari bu haqda to`liq bilmaydi. Xorijdagilar esa har xil fikrda. Faqat mustaqil tekshiruvdan keyin aniqlik chiqadi va bu masalaga nuqta qo`yilishi mumkin”, - deydi Ikromov.

“Rasmiy ma`lumotlarga men ishonmayman. Hukumatning o`zi ham fojianing birinchi kunlari bu millat, xalqimiz uchun katta fojia bo`lgani haqida gapirdi. Lekin hukumat xotirlashni istamaydi. Qurbonlarni, voqeani, aksincha ko`proq esdan chiqarishga harakat qilayapti… Rejimning voqealardagi ishtiroki jinoiy tus olgani uchun xotirlashni ham, voqealarni aniqlashtirishni ham istamaydi”, - deydi Otanazar Oripov.

Oliy Majlisda O`zbekistonda ro`yxatdan o`tgan ayrim diplomatik korpus vakillaridan iborat komissiya tuzilib, ularga Andijon voqealarini o`rganish vazifasi yuklangan edi. Biroq bu komissiya xulosalari ham jamoatchilikka ma`lum qilinmagan.

XS
SM
MD
LG