Breaking News

Markaziy Osyioda rahbarlar o'z hokimiyatini mustahkamlash bilan ovora


Qozog`iston konstitutsiyaga o`zgartirishlar kiritilgan. Endilikda Nursulton Nazarboyev prezidentlikka nomzod sifatida xohlagan marta qatnashishi mumkin.

Ayrim kuzatuvchilar fikriga ko`ra, Qozog’iston misoli Markaziy Osiyoda prezidentlik abadiy hukmronlik sifatida anglashib kelinyotganidan dalolat beradi.

Prezidentlik muddatining yetti yildan besh yilga qisqartirilishi parlament boshqaruviga o`tish yo’lida amalga oshirilgan demokratik islohot deydi boshqalar.

Qozog’istonda qabul qilingan siyosiy tashabbus mintaqa, jumladan, O`zbekistonga qanday ta`sir qilishi mumkin?

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi vakili Abdurahmon Tashanov bu - Qozog’istonda demokratik qadriyatlardan chekinish deb hisoblaydi.

“Mintaqa davlatlarida prezidentlarning kuch bilan yoki noqonuniy tarzda davlat tepasida qolayotgani, albatta, O`zbekiston hukumatining mavqeini mustahkamlaydi”, - deydi Tashanov.

Muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi vakili A’zam Turg`unovning aytishicha, Qozog`iston va O`zbekiston prezidentlari faoliyatini qiyoslash ikki o’rtadagi farqning qandayligini ko`rsatadi.

“Har ikkisi 90-yillardan davlatni boshqarib kelayotgan bo`lsa, shu vaqt mobaynida Qozog’iston sezilarli yutuqlarga erishgan. O`zbekiston esa qashshoqlik va korrupsiya botqog`iga botgan. Nazarboyevning ham o’ziga yarasha kamchiliklari bor, lekin u o’z xalqi uchun ko`p narsalar qildi, 94 yilni eslasak, Qozog’istonda ham juda o`gir edi”, - deydi A’zam Turg`unov.

Shu yilning dekabr oyida O`zbekistonda prezident saylovlari o`tishi kerak. Qozog’istondagi o`zgarishlar O`zbekistondagi bu siyosiy jarayonga qanchalik ta’sir o`tkazadi?

Abdurahmon Tashanov O`zbekistonda prezident saylovlari Tojikistondagi kabi o’tishi mumkin deb hisoblaydi.

“Qozog’istondagi kabi umrbod nomzodini qo`yish vakolati berilmasa kerak. Lekin sun’iy bir nomzod qo’yilib, saylovlarni legitimlashtirishga harakat qilinadi”, - deydi Tashanov.

A`zam Turgunov nazarida O`zbekiston istalgan siyosiy rivojlanish modelini tanlashi mumkin, lekin bularning bari samarasizdir.

“Qo’shni davlatlarda shunaqa bo`layapti, hammasi yaxshi bo’lib ketadi deyishlari mumkin. Esingizda bo`lsa, maqsadni besh yilda bajarish imkoniyati yo`q ekan, shuning uchun yetti yil kerak, degan bir bayonot qilishgan edi. Mayli yetti yil ham bo`ldi. Aslida davlat rahbarida xalqning farovonligini oshirish uchun samimiy bir niyat, ishtiyoq bo`lmas ekan, ming xil o`zgarishdan nima foyda?” - deydi A`zam Turg`unov.

Kuzatuvchilar fikricha, Qozog`iston prezidentining mintaqa integratsiyasi borasida qilayotgan harakatlari e’tiborga loyiq.

“Shu jihatlari bilan Nazarboyevning mintaqadagi siyosiy o`rni albatta muhim, biroq bu Nazarboyevdan boshqa siyosiy yetakchi yo’q degani emas. Mintqada davlatlaridagi avtoritar boshqaruv muxolif yetakchilarning ko`tarilishiga imkon qoldirmaydi. Bundan Qozog`iston ham mustasno emas. Shunday ekan, faqat siyosiy sahnadagi yetakchilarga qarab xulosa chiqarishga majburmiz”, - deydi siyosatshunoslardan biri.

Ma`lumotlarga ko`ra, iyul oyidan O`zbekistonda president saylovlari kampaniyasi boshlanishi haqida e’lon qilinishi kerak.

O`zbekiston prezidenti qonunga ko`ra, ikki marta saylanish huquqidan foydalanib bo`lgan. Kuzatuvchilarning aytishicha, Islom Karimovning uchunchi bor ishtirok etishi shubhasiz. Faqat buning qanday yo`l bilan amalga oshishi noma’lum.

XS
SM
MD
LG