Breaking News

Markaziy Osiyo ittifoqi tashabbusi xomxayolmi?


Mintaqaviy siyosat fondi direktori Sayfiddin Jo’rayev “XXI asr” gazetasida e`lon qilingan maqolasini, “Mintaqaviy integratsiya haqidagi xomxayollar” deb nomlagan.

Maqola Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev tomonidan Markaziy Osiyo ittifoqini tuzish haqida bildirilayotgan tashabbusga munosabat sifatida yozilgan.

Sayfiddin Jo’rayevga ko’ra, mintaqa yetakchilari davomli tarzda Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi haqida gapirib keladi, quruq va’dalar berishadi, lekin bu va’dalar amalga oshmaydigan puch xayollardir.

Xuddi shunday “xomxayollar” O’zbekiston prezidenti Islom Karimov tomonidan ham, “Turkiston umumiy uyimiz” shiori ostida ko’tarilgan edi.

Sayfiddin Jo’rayev xomxayollar haqida ta’kidlab, O’zbekiston prezidenti tashabbusini nazarga tutganmi – yo’qmi aniq emas. Biroq, Qozog’istonning 2000 yillardan boshlab ko’targan tashabbuslarini sanab o’tadi va Qozog’iston tashabbus ko’tarish bilan nom qozonmoqchi, degan xulosaga keladi.

O’zbekiston tomonidan bu borada rasmiy bir bayonot berilmagan bo’lsada, ammo mintaqaviy siyosat fondining qarashlari hukumat pozitsiyasi bilan yaqinligi ta’kidlanadi.

Bir paytlar O’zbekiston tomonidan ilgari surilgan mintaqviy ittifoq tashbbusi, nima sababdan bugunga kelib O’zbekistonda xomxayollik sifatida baholanmoqda?

Siyosatshunos Farxod Tolipovga ko’ra, O’zbekiston bu borada tashabbuskor va yetakchi bo’la olmayotgani uchun ham, ayrim tahlilchilar vaziyatni oqlash uchun shunday deyishga majbur.

“Integratsiya bo’lishi shart, bu strategik, hayotiy masala. Yagona makon yaratilsa, chegaralar ochilsa, unda O’zbekiston uchun ancha qulayliklar yaratilgan bo’lardi. Jahon bozoriga, dengizga ikki chegaradan emas, bitta chegaradan o’tish mumkin bo`lardi. Bu masalani faqat bir tomoni, bunday afzalliklarni ko’plab keltirish mumkin”, - deydi Tolipov.

O’zbekiston mintaqaviy siyosat fondi direktori Sayfiddin Jo’raev, o’z qarashlarini isbotlash uchun rossiyalik ekspert fikridan foydalanadi.

Iqtibosi keltirilgan mutaxassis Galina Maykovaga ko’ra, mintaqaviy integratsiya mavzusi ko’tarilishi bilan paydo bo’lgan savollarga yechim topish qiyinligi uchun, integratsiya haqidagi g’oya o’z-o’zidan yo’qoladi. Shunigdek rossiyalik ekspert nega bu g’oya Qozo’giston tomonidan ko’tarilayotganiga ajablanadi.

Farxod Tolipovga nazarida savol, nega bu g’oya O’zbekiston tomonidan ko’tarilmayapti, degan tarzda qo’yilishi lozim.

“Maykovaning Markaziy Osiyo ittifoqi bo’lmasligi haqidagi fikrlariga qo’shilmayman. Qiziq joyi shundaki, bunday kuzatuvchilar Markaziy Osiyo ittifoqini qoralab, Yevrosiya iqtisodiy hamjamiyatida integratsiya bo’lishi haqida yozishadi. Agar mintaqa davlatlarida kelishmovchiliklar bo’lsa, qanday qilib ular yanada kattaroq Rossiya va Belarussiya ham qo`shilgan ittifoqda integratsiyaga kirishi mumkin? ”, - deydi siyosatshunos.

Tolipov fikricha, mintaqa davalatlari birlashgan taqdirda ularning qudrati oshadi. Rossiyadan xoli, mustaqilroq siyosat yuritishni boshlashadi. Ehtimol, shu sabab Markaziy Osiyo ittifoqiga tashqaridan, balki Rossiya tomonidan to’sqinlik bo’lishi mumkin.

Qozo’giston prezidenti mintaqa ittifoqini tuzish haqidagi tashabbusini, mintaqa barcha zahiralari bilan o’zini-o’zi ta’minlash qudratiga egaligi, mintaqada tarixan tili va dini bir bo`lgan xalqlar yashayotgani bilan asoslab o`tgan.

Mahalliy kuzatuvchilardan biri, Baxtiyor Isabekning ta’kidlashicha, siyosatchilardan farqli mintaqaning tub aholisi bunday ittifoq bo’lishi uchun 150 foiz ovoz beradi.

Siyosatshunoslar bugun mintaqada kuchli davlatlar manfaatlari uchun kurash borayotganini, shunday geosiyosiy vaziyatda mintaqa manfaatlarini himoya qila oladigan ittifoq zarurligini aytishadi.

Ular nazarida, mintaqa birlashishi baribir amalga oshadigan tarixiy va tabiiy jarayon. Faqat hozirgi ayrim siyosiy ambitsiyalar bu jarayonni yana ortga surishi, bu esa mintaqa uchun qimmatga tushishi mumkin.

Qozog’iston prezidenti tomonidan ko’tarilayotgan Markaziy Osiyo ittifoqi tashabbusini hozircha Qirg’iziston rasman quvvatlamoqda. Turkmaniston ham bu tashbbusga qo`shilishi mumkin, deydi ayrim siyosiy kuzatuvchilar.

XS
SM
MD
LG