Mintaqa davlatlarining mustaqillikka erishganiga 19 yil to’lmoqda. O’zbekiston qo’shnilari ichida birinchilardan bo’lib bu bayramni nishonlaydi. 1 sentyabr – mustaqillik kuni.
Istiqlolning ikkinchi 10 yilligi poyoniga yetar ekan, regionda ahvol keskin deya baholanadi. Geo-strategik mavhumlik davom etmoqda. Markaziy Osiyo yaxlit mintaqa sifatida mustaqillikka erishgani haqida gapirish qiyin, deydi tahlilchilar.
Qirg’izistonda davlatchilikning o’zi shubha ostida turibdi. Region rahbarlarining siyosiy intilishlari turlicha va davlatlar, elatlar o’rtasida taranglik saqlanib qolmoqda.
Bu respublikalar mustaqillikka erishgach, Boltiq davlatlaridagi kabi birlikni ifodalovchi siyosiy ittifoq shakllanmadi. Davlatchilikni shakllantirish yo’lida boshlangan harakatlar mintaqa manfaatlarini muvofiqlashtirmadi.
Kuchlilarning zaiflar ehtiyojini hisobga olmasligi geosiyosiy manfaatlar kurashi avj olgan mintaqada tarqoqlikni yanada kuchaytirdi.
Siyosatshunos Farxod Tolipov buni har doim ham mintaqa va davlatchilik manfaatlari mos kelmasligi bilan izohlaydi.
“Mustaqillikni mustahkamlash yo’lidagi kurash bugungi kunda ham davom etmoqda. 19 yil mobaynida geosiyosiy jarayonlar kuchayib borayotgani ham shundan dalolat beradi. Bu kurash mintaqani bir oz noqulay ahvolga qo’ydi desak ham xato bo’lmaydi. Yangi mustaqil davlatlar uchun Rossiya, AQSh, Xitoy yoki boshqa qudratli davlatlar bilan aloqalar birdek manfaatli. Shu bilan birga bu davr muammosiz o’tgani yo’q. Afsuski, 1991 yillarda e’lon qilingan mintaqaviy integratsiya strategiyasi juda susayib ketdi”, - deydi sharhlovchi.
Asrlar mobaynida qavm-qardoshlik asosida yashagan Markaziy Osiyoda ziddiyatlar, keskinliklar, urushlar yuzaga chiqdi. Etnik nizolardan tashqari Tojikiston ancha vaqt fuqarolik urushi girdobiga tortildi.
Mustaqillikning ikkinchi 10 yilligi boshlanar ekan, vaziyat yanada keskinlashgan ko’rinadi. Qirg’izistonda, masalan, davlatchilik qaror topishining o’zi shubha ostida.
“Birinchidan, Qirg’iziston rozi bo’lib, BMT qo’shinlari kirib kelganda, qirg’inlar sababi o’rganilganda, xavf yo’q, O’sh va Jalol-Oboddagi qirg’inlar takrorlanmaydi deyish mumkin edi. Ikkinchidan, Qirg’izistonda davlatni yemirilishi davom etmoqda. Bu faqat O’zbekiston emas, butun mintaqa uchun katta xavf tug’dirishi mumkin. Buni mintaqa davlatlari yaxshi anglashi kerak”, - deydi tahlilchi Iskandar Xudoyberganov.
Mustaqillik yillarida aloqalar kuchaygani, xalqlar, millatlar-aro munosabatlar mustahkamlangani haqida gapirish qiyin.
O’zbekiston aholi soni jihatdan hududdagi eng yirik davlat. Chetda ham millionlab o’zbeklar yashaydi. O’zbekiston geografik jihatidan ham, siyosiy jarayonlar, madaniy-ma’rifiy shakllanish tarixi jihatidan ham mintaqa markazi hisoblangan.
Tahlilchilarga ko’ra regionda bo’lib o’tgan, ziddiyat tomon ketayotgan nizolarning ko’payishi keskinliklarni muvofiqlashtiruvchi maydon yo’qligi bilan ham bog’liq.
O’sh va Jalol-Obodda etnik zo’ravonliklar bartaraf etilmagani, vaziyat hamon qaltis qolayotgani yetakchilikka da’vogar ikki davlat - O’zbekistonda ham, Qozog’istonda ham muvofiqlashtirish imkoniyatlari yo’qligini ko’rsatdi.
“Bu narsani o’zi yo’q, diplomatik aloqalarning o’zi yaxshi emas. Muzokaralar o’tayotgani to’g’risida ham xabar yo’q. Vaziyat esa juda og’ir”, - deydi Iskandar Xudoyberganov.
Farxod Tolipov fikricha, Qirg’iziston fojeasi mintaqa yetakchilariga o’z imkoniyatlarini ishga solish zaruriyati haqida ishoralar bermoqda.
“Bu fojeani mintaqa davlatlari o’rtasida muammolarni monitoring qilish mexanizmi yo’qligi bilan ham izohlash mumkin. Agar mintaqa tizimi bo’lib, rahbarlar uchrashib turganda, o’zaro ishonch ham mustahkamlanib borgan bo’lardi. Qirg’iziston fojealari mintaqaviy tizimni tiklash kerakligini ko’rsatmoqda. Aks holda bunday fojealar qaytmasligiga hech kim kafolat bermaydi”, - deydi sharhlovchi.
Sobiq Ittifoq parchalangandan keyin ham Markaziy Osiyo Moskva ta’sir doirasida qoldi. Kreml regionni strategik manfaatlariga kiruvchi hudud deb hisoblaydi.
Biroq Iskandar Xudoyberganovga ko’ra, Rossiya bu manfaatlar nimaga asoslanishini ochiqlamaydi.
“Aslida Rossiya mintaqada rivojlanish bo’lishini unchalik qo’llamaydi, chunki biz neft sotamizmi, gazmi yoki boshqa narsami, hammasini faqat Rossiya orqali amalga oshiramiz. Rossiya mintaqa aloqalari kengayishidan manfaatdor emas”, - deydi u.
MDH tashkiloti asosan sobiq ittifoq tarkibidagi davlatlarni madaniy tarqashi uchun tashkil topgan bo’lsa, Moskva yetakchiligidagi boshqa bir tashkilot - Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi (KXShT)Rossiyaning stretegik manfaatlari uchun tuzilgani ta’kidlanadi.
KXShT formati MDHga nisbatan torroq, asosan Moskva ta’sir doirasi hozirgacha kuchli bo’lgan davlatlardan tashkil topgan. Turkmanistondan tashqari mintaqaning barcha davlatlari bu guruhga a’zo.
Rossiya harbiy qudratiga tayangan tashkilot o’z a’zolarini tashqi xavf xatardan himoya qilishni maqsad qiladi. Qirg’izistondagi iyun voqealarini kuzatish bilan cheklangan KXShT endi mintaqada o’z ishtirokini oshirish harakatini ko’rmoqda.
“Keyingi paytlarda tashkilot doirasida bir-biriga mos kelmaydigan qarorolarni ko’tarilishi, xususan Tezkor qo’shinlar mavqeini ko’tarishga harakat tashkilotga a’zo ayrim davlatlar tomonidan quvvatlanmayapti. Rossiya qurol-yarog’ ajratishda yoki boshqa yordamlarda o’ziga xos shartlarni qo’yayotgani MDH a’zolari tomonidan bosim sifatida qabul qilinmoqda”, - deydi siyosiy sharhlovchi
Abduvali Soyibnazarov.
KXShTning Armanistonda o’tgan oxirgi sammitida Tezkor qo’shin vakolatini kengaytirish muhokama qilingan. Shu yilning dekabr oyida Moskvada kutilayotgan sammit shu ma’noda muhim o’zgarish qilishi mumkin.
Prezident Dmitriy Medvedevning aytishicha, yig’ilishda Tezkor qo’shinni mojaro ro’y bergan hududlarga jalb qilish bo’yicha hujjatlar qabul qilinishi mumkin.
Mustaqillik Markaziy Osiyoga dunyo bilan teng munosabat qilish imkoniyatini berish bilan birga, mintaqada strategik mavhumlikni belgilovchi raqobatni ham kuchaytirgan.
“AQSh, Xitoy, Rossiya bo’ladimi, ular mintaqada qanday siyosat ko’zlayapti deganda, turlicha qarashlar mavjud. Mavhumlik oydinlashayapti deyish qiyin. Masalan, Afg’oniston, yoki AQShni mintaqada joylashgan harbiy bazasi masalasi. Bunga sharhlovchilarni fikrlari tulicha, yuqoridan berilayotgan baholar boshqacha. Ayrimlar bazalarni olib chiqib ketish kerak deydi, ayrimlar qolishi kerak deb hisoblashadi. Shuning uchun ham vaziyat oydin emas”, - deydi Farxod Tolipov.
Tahlilchilar nazarida, mintaqa davlatlari tashqi aloqalar qurishda ham o’zaro mavjud ziddiyatlarga keng o’rin berishmoqda. Tojikiston va Qirg’iziston O’zbekiston bilan keskinliklarni Eron, Moskva bilan aloqalar voitasida hal etishga intilayotgan bo’lsa, rasmiy Toshkent Rossiya bosimini AQSh bilan aloqalarni kuchaytirish hisobiga cheklashdan umid qiladi.
“Markaziy Osiyo haqida gap ketganda, Rossiya Amerikaga bu bizni hudud, bu yoqqa tiqilma qabilasida gap qiladi. AQShni bugungi arboblari bunaqa siyosatga qo’shilmayapti va qo’llab-quvvatlamaydi. Bu O’zbekiston mustaqilligini mustahkamlash uchun ham muhim ahamiyatga ega”, - deydi Xudoyberganov.
O’zbekistonning AQSh bilan aloqalari so’nggi 19 yil mobaynida turli bosqichlarni boshdan kechirdi. Hozirga kelib o’rtadagi keskinliklar bir qadar unutilgan. Hamkorlik muammolardan xoli bo’lmasada, aloqalar sekin-asta tiklanyapti.
“AQSh O’zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor”, deyiladi O’zbekiston mustaqilligi munosabati bilan AQSh elchixonasi tarqatgan tabrikda.
Toshkent ham Vashington bilan uzoq muddatli hamkorlik qilishga umid bilan qaraydi. Afg’onistondagi vaziyat hisobiga tiklangan aloqalarda inson huquqlari va demokratik qadriyatlar masalasi ikkinchi darajali masalaga aylanayotgani ta’kidlanadi.
“Siyosatda hamma narsani 100 foiz ideal ravishda amalga oshirib bo’lmaydi. Shundan kelib chiqsak, AQShni Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatida inson huquqlari asosiy bo’lib qolaveradi. Faqat milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda bu masala o’ta dolzabrlik kasb etishi mumkin yoki bir oz pastlashi mumkin”, - deydi “Ezgulik” jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.
Markaziy Osiyo hamisha yaxlit hudud hisoblangan. Davlatchilik rivojlanishi mintaqa birligi, taraqqiyoti uchun hissa qo’shgan taqdiragina o’z mohiyatini oqlashi mumkin.