Har yili yozda yuzlab yoshlar shahodatnomani qo’ltiqlab, yuridik institut qabul komissiyasining eshigini qoqadi. Yurist, prokuror yoki sudya bo’laman deb. Bu kasblar dunyoning barcha davlatlarida birday nufuzli. Xoh O’zbekistonda, xoh Amerikada bo'lsin.
Adliya va huquq sohasida ishlash nafaqat adolatparvarlik, balki bardosh, tirishqoqlik, va kuchli zehn talab qiladi. Amerikaliklar tili bilan aytganda huquqshunoslikka o'qish uchun kishi ikki sifatga ega bo'lishi kerak: biri tanqidiy-tahliliy fikrlay olish, ikkinchisi esa cho'ntakni iloji boricha baquvvat qilish.
Kimdir "Vashingtondagi Jorjtaun Universitetiga (Georgetown University) kirdim",- desa, xo’sh, nima qilibdi, AQShda o’qishga kirgan o’zbekistonlik bitta u ekanmi, deyishingiz mumkin.
To’g’riku-ya, lekin Jorjtaun Universitetida huquq sohasini o’rganayotgan o'zbekistonliklar ko'p emas. 1870 yilda asos solingan bu universitet AQShdagi eng sara ta’lim dargohlardan biri. Oliygohning yangi o'zbekistonlik talabasi uni bekorga tanlamaganini aytadi.
"Chunki bu yerdagi professorlar nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham katta tajribaga ega ekan. Professorlarning barchasi hozirda sudya, advokat yoki yirik kompaniyalarning sheriklari ekan”.
AQShda o'qib, hozirda Vashingtonda advokatlik qilayotgan uyg'ur suhbatdoshimiz Nuri Turkel bu mamlakatda huquqshunoslikka o'qish shartlari haqida gapiradi.
“Amerikada univesitetga kirib, huquqni o’rganish uchun talaba dastlab bakalavrlik darajasini qo’lga kiritgan bo’lishi kerak. Qaysi sohada yoki qaysi mamlakatda bo’lishidan qat’iy nazar. Talaba tarix, matematika, til-adabiyot, tibbiyot yoki san’atni o’rgangan bo’lishi mumkin. Ixtisosning ahamiyati yo’q. Muhimi, bakalavr ekani”.
Nuri Turkel Amerikaga kelishidan avval Xitoyda tahsil olgan.
AQShda yuristlikni o'qimoqchi bo'lganlar avvalo maxsus yuridik imtihon topshiradi - LSAT, ya'ni Law School Admission Test.
Test abiturientning mantiqiy, tanqidiy va analitik fikrlashini, ingliz tilida qanchalik ravon yozishini va umumiy ilmiy salohiyatini tekshiradi.
“LSAT imtihoniga bir yarim yil tayyorgarlik ko’rdim. Chet ellik bo’lganim uchun qo’shimcha uch oylik kurslar olishga majbur bo’ldim. Chunki test sizning mantiqiy o’ylash qobiliyatingizni tekshiradi. Amerikaliklarning logikasi osiyoliklar yoki o’zbekistonliklarnikidan tubdan farq qiladi”, - deydi o’zbekistonlik talaba.
Shu bois AQShda o'qimoqchi bo'lganlarga chuqur izlanish va Amerikada bilim olgan, tajriba orttirgan kishilar bilan maslahatlashish tavsiya qilinadi.
“Imtihondan muvaffaqiyatli o’tgandan keyin talaba personal statement, ya’ni tarjimai holi, ish tajribasi, kelgusi rejalari haqida bayon yozib, universitet ma’muriyatiga jo’natadi. Biryo’la o’ntasiga yuborishi mumkin. AQShdagi qonun universitetlari nufuziga qarab, birinchi, ikkinchi va hokazo toifalarga bo’linadi. Birinchi toifadagilar – bu Garvard (Harvard University), Yel (Yale University), Stenford (Stanford University) kabi universitetlar. LSAT testidan olingan ball qancha yuqori bo’lsa, obro’li universitetga kirish ehtimoli ham ortadi”, - deydi Nuri Turkel.
O'zbekistonlik suhbatdoshimiznin aytishicha, uning kursdoshlari asosan 30 yoshdan oshgan, tajribali mutaxassislar.
“O’zbekistonda Jahon iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetida o’qiganman. Ikki mamlakatdagi o’qituvchilarning orasida yer bilan osmonchalik farq bor. O’zbekistonda ko’p professorlarni bilaman. Ham sudya, yurist va yirik kompaniya mutaxassisi bo’lib, ham dars berayotganlar kam. Jorjtaundagi professorlar esa faoliyatini har ikki tomonda birday olib boradi. Keyin talaba va o’qituvchi o’rtasida to’siq yo’q. Do’stona munosabatda bo’lishadi. Student savol bermasa, professor xafa bo’ladi”.
Endi AQShda huquqshunoslikka o'qishning qanchaga tushishiga o'tsak: yiliga o'rtacha 30-40 ming dollar. O'qish muddati, qaysi universitetda ekaningizga qarab, ikki yoki uch yil. Lekin, deydi Nuri Turkel, advokatlik diplomini olgan kishi keyingi o'ta muhim hujjat - litsenziyani qo'lga kiritsa va o'rnini topsa, maosh o'qishga ketgan pulni bemalol qoplaydi.
“Turli idora va tashkilotlarda har xil. AQShda advokat yiliga 70 mingdan 145 ming dollargacha haq oladi. Tajribasiga qarab, undan ham oshishi mumkin”.
Amerikada yuristlar ko’p. O'zini qonunlar mamlakati deb atovchi Qo’shma Shtatlar, shubhasiz, yuristlar mamlakati. Lekin chet elliklar uchun Amerikada tug’ilib-o’sgan, mahalliy sharoitni yaxshi bilgan advokatlar bilan raqobat qilish oson bo’lmasa kerak?
“Bu tabiiy hol. Chunki biz chet ellikmiz. O’qishni tugatib, advokat litsenziyasini olmoqchiman. Amerikalik yuristlar bilan raqobat qilib, ish topishga harakat qilaman. Ish bor. Chet ellik advokatlarning ustunligi shundaki, ular xorij tillarini biladi. Xalqaro, yirik kompaniyalarga kirib, bemalol ishlab ketadi. Amerikalik advokatlar esa ko’pincha ingliz tilidan boshqa tilni bilmaydi. Xalqaro tajribasi ham yo’q. Xorijlik advokatlar o’z davlatida ham ish tajribasiga ega bo’lgan”, - deydi Jorjtaun universiteti talabasi.
“Kishining o’ziga bog’liq. Nufuzli universitetni bitirsangiz, bilimingiz yaxshi bo’lsa, albatta o’rningizni topib ketasiz. Bundan tashqari, amerikalik talabalar, masalan, huquqni shu yerda o’rganib, faqat shu yerda tajriba orttiradi. Xalqaro tajribasi yo’q. AQShda ko’plab xalqaro tashkilotlar bor. Ular xorij davlatlaridagi sharoitni, siyosiy, ijtimoiy ahvol, urf-odat, dunyoqarashni yaxshi bilgan advokatga muhtoj. Shu bois chet ellik mutaxassislar uchun ish imkoniyatlari a’lo darajada, deb hisoblayman”, - deydi Nuri Turkel.
Huquq juda keng soha. Chunki qonunlar ko'p. Kimdir jinoiy qonunlarni o'rganadi, kimdir esa fuqaro huquqlarini. Kimdir korporatsiya va xususiy sektor huquqlarini himoya qilishga qiziqadi, kimdir esa oila va bola huquqlari bilan shug'ullanadi. Yana kimdir xalqaro qonunlar va kodekslarni o'qiydi.
Amerikada huquqshunoslikni bitirib, vataniga ravona bo'layotganlar ham ko'p. Chunki qonun va huquqni himoya qiluvchilarga nafaqat Amerikada, balki dunyoning har burchagida talab katta.
Mavzu yuzasidan savollarni uzbek@voanews.com ga yo'llayvering.