Breaking News

Iroqdagi siyosiy beqarorlikdan AQShning sabr kosasi to'lyapti


Iroq yuzasidan bahsu-munozara mazmuni ko’pchilikka tanish. Bush ma’muriyati yutuqlar bor, ammo yetarli emas, ahvolni yaxshilash uchun ko’proq vaqt kerak, deb ta’kidlab keladi.

Urush tanqidchilari, jumladan prezidentlikka demokrat nomzodlar va qonunchilar, Oq uy bayonotlariga ishonmay qo’ygan. Ba’zilar askarlarni uyga qaytarishni talab qilmoqda.

Tahlilchi Maykl O’Xenlon Iroq urushi tanqidchilaridan. Ammo Iroqqa 8 kunlik safaridan “g’alaba qilish mumkin” degan xulosa bilan qaytgan.

“Iroqdagi ahvolni o’z ko’zim bilan ko’rgach, sal ko’tarinki ruhdaman. Ammo Iroqdagi siyosiy ahvol o’zgargani yo’q,” - deydi O’Xenlon.

O’Xenlon Iroq siyosatchilarini yalqovlikda ayblab, ular mamlakatda xavfsizlik yaxshilanganidan foydalanib qolishi kerak, deydi. Ammo umuman olganda, Iroqdagi ahvol xarobligicha qolmoqda.

Entoni Kordsman Iroqqa o’nlab marta safar qilgan. Bush ma’muriyatini Iroqdagi yutuqlarni bo’rttirib ko’rsatishda, muammolarga esa ko’z yumayotganlikda ayblaydi. Ammo uning ham fikricha, Iroqda natijaga erishish uchun vaqt kerak va kutish strategik ahamiyat kasb etadi.

Kordsmanning aytishicha, Iroqda ahvol murakkab. AQSh qo’shini mamlakatni tark etsa, mintaqada vaziyat yanada salbiylashadi. Ko’plab tahlilchilar bir fikrda, ya’ni Iroq rahbarlari neft daromadini qanday bo’lish kabi masalalarni tezroq yechmasa bo’lmaydi. Siyosiy guruhlar kelishib olishi darkor.

“AQSh qo’shini Iroqni erta tark etishi xavfli, lekin Iroq rahbariyati tez orada aniq qadamlar qo’ymasa, u yerda qolishning hojati yo’q,” - deydi Kordsman.

Olim nazarida Iroq siyosatchilari eng muhim muammolarni 6 oy ichida hal qilishi lozim. Aks holda, qabilaviy sunniy shayxlarning ekstremizmni qoralab chiqqani ortidan yaratilgan hozirgi imkoniyat boy beriladi.

2008 yilning oxirigacha kutish yaramaydi, deydi siyosatshunos Maykl O’Xenlon. Iroqdagi ahvol hozirgi, nisbatan tinch paytda imkoniyatlarni ishga solish kerak.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts, ham demokratlarga, ham respublikachilarga ma’qul bir yechim topish kerak, degan chaqiriqlar bilan chiqqan, lekin aniq natija yo’q. Iroqdagi yutuq va kamchiliklar kelasi oy sarhisob qilinadi.

XS
SM
MD
LG