Breaking News

Iroqda ichki qochqinlar muammosi yechimini kutmoqda


Xalqaro Migratsiya Tashkiloti notinch Iroqda ichki qochqinlar muammosiga e’tibor qaratmoqda.

1.6 million iroqlik muhtojlikda yashayapti. Tashkilot turmush uchun zarur eng oddiy sharoit istayotgan 224 ming iroqlik fikrini o’rgangan.

Uch yil oldin jangarilar Bag’doddagi Samarra masjidi kulini ko’kka sovurgan, minglab odamlar uy-joyini tashlab chiqishga majbur bo’lgan edi.

Garchi bugun Iroqda ahvol biroz yaxshilangan bo’lsa-da, boshpanasiz qolgan oilalar masalasi hamon yechimini kutmoqda.

Xalqaro Migratsiya Tashkiloti hisobotiga ko’ra, o’sha mash’um xurujdan so’ng qochqinga aylangan, ishsiz yurgan 1.5 million odam boshpana va yegulikka muhtoj.

Diyala viloyatida 58 foiz, Bag’dodda esa 60 foiz aholida daromad manbai yo’q.

Tag’inam, bu odamlarning ahvoli boshqalar bilan qiyoslaganda qoniqarli. Quddusiya, Kirkuk, Basra va Vosit tevaragida ishsizlik darajasi eng yuqori, deydi tashkilot matbuot kotibi Jemini Panya.

“Ba’zi hududlarda qochqin oilalarning birorta a’zosi ishlamaydi, yegulik, ijara haqi uchun to’lashga puli yo’q. Ijarachi ularni istagan payt haydab solishi mumkin. Odamlar doimiy qo’rquvda yashaydi”, - deydi u.

Xalqaro Migratsiya Tashkiloti Anbar viloyatidagi ahvolni xavotir bilan kuzatmoqda. Ota-onasiga yordam berish uchun maktabni tashlayotgan, tilamchilik, mardikorlik qilayotgan bolalar soni ortib bormoqda.

Ayniqsa, oila boshlig’i ayol kishi bo’lgan oilalarga qiyin. Ular o’zini, farzandini himoya qilishga ojizlik qilmoqda. Tashkilot hisobotiga ko’ra, ular fohishalik va odam savdosi qurboniga aylanmoqda.

XS
SM
MD
LG