Breaking News

BMT iroqlik qochqinlarga yordam berishga chaqirmoqda


Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo’yicha Oliy komissari o’rinbosari Kreg Jonstoun AQSh Kongressidagi tinglovda iroqlik qochqinlar taqdiri yuzasidan xavotir bildirgan. Qochqinlarning ayrimlari mamlakat ichida bir joydan boshqa joyga ko’chgan bo’lsa, boshqalari qo’shni davlatlardan boshpana topgan.

Kreg Jonstounning aytishicha, taxminan 4-5 million iroqlik Suriya, Iordaniya va Livanga chiqib ketgan.

Ularning ko’pi oliy ma’lumotli ekani aytilib, qochqin sifatida yashashga o’rganolmay qiynalayotgani ta’kidlanadi.

"Oliy ma’lumotingiz bo’lishiga qaramay, ish bo’lmasa, pul bo’lmasa, ma’lumotsiz kishilar kabi ochdan o’lasiz. Bu hol ularga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Juda ham qobiliyatli bo’lishlariga qaramay, ahvollari juda og’ir," - deydi BMT rasmiysi.

Iroqlik qochqinlarning 47 foizini ayollar tashkil qiladi. Ular ham mushkul ahvolda, chunki Iroqdagi urush va mojarolarda ko’p erkaklar halok bo’lgach, oilani boqish ayollar zimmasiga tushgan. Bunday oilalar esa aholining 20 foizini tashkil qiladi, deydi Jonstoun.

Ayrim qochqinlarga AQShda yashash huquqi berilmoqda. Biroq o’tgan oktyabr oyidan beri raqamlar keskin pasaygan. Demokrat kongressmen Uilyam Delaxantning aytishicha, bu masala bo’yicha Qo’shma Shtatlar alohida mas’uliyatga ega.

"Iroqdagi fojeaga mamlakatning bosib olinishi va undan keyingi ahvol sabab ekanini inkor etmasligimiz kerak. Ko’pchilik nazarida bu fojeani amerikaliklar keltirib chiqargan. Shunday ekan Bush ma’muriyati bunga bevosita mas’ul," - deydi kongressmen Delaxant.

Respublikachi qonunchi Dana Rorabaker bu fikrga qo’shilmay, vaziyatni xalqaro miqyosdagi muammo deb ataydi.

BMT hisobiga ko’ra, so’nggi bir necha oy ichida vataniga qaytayotgan iroqlik qochqinlar soni keskin pasaygan.

Xalqaro migratsiya tashkiloti xodimi Rafiz Shannenning aytishicha, xalqaro hamjamiyat iroqlik qochqinlarga yetarlicha moliyaviy yordam ko’rsatmayapti.

"Tashkilot ichki qochqinlar uchun so’ragan 85 million dollarning atigi 28 foizini olishga muvaffaq bo’ldi xolos. Faqatgina Qo’shma Shtatlar yordamni o’z vaqtida ko’rsatmoqda," - deydi Xalqaro migratsiya tashkiloti vakili.

XS
SM
MD
LG