Breaking News

Iroq xalqi birdamlik va markazlashgan davlat uchun ovoz berdi


Iroqda o’tgan mahalliy saylovlar natijasi hali aniq emas. Biroq dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, Bosh vazir Nuri al-Maliki tarafdorlarining qo’li baland kelgan.

31 yanvar kuni Iroq xalqi 18 viloyatning 14 tasida mahalliy kengash vakillariga ovoz berdi. 14 mingdan ortiq nomzod 440 o’rin uchun kuch sinashdi.

Mahalliy kengashlar hokim lavozimiga nomzodlarni ko’rsatadi, shuningdek qayta qurish loyihalari ijrosini nazorat qiladi.

Iroq barqarorligi uchun sinov deb ko’rilgan mahalliy saylovlarda, rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, ovoz berishga layoqatli aholining 51 foizi qatnashgan. Mamlakat uchun xavfsizlik va qonun ustuvorligi bosh masalalar deb chiqqan Bosh vazir Nuri al-Malikining shialar koalitsiyasi ko’pchilik o’rinni qo’lga kiritgani aytilmoqda.

“Iroq xalqi”, deydi tahlilchi Metyu Dass, “davlat boshqaruvi markazlashgan bo’lsin deb ovoz berdi”.

2003 yilda AQSh Iroqni bosib olgach, mazhablar-aro zo’ravonliklar domiga botgan mamlakatni faqatgina federalizm birlashtira oladi degan takliflar yangragan edi. Ya’ni Iroqni qismlarga bo’lib, markaziy va mahalliy hukumatlarni bir-biridan ajratish g’oyasi olga surilgan.

“Ko’rinishidan, Iroq xalqi kuchli markaziy hukumat tarafdori”, - deydi siyosatdon Jeyms Filips.

“O’tgan yillar ichida Nuri al-Malikining radikal guruhlarni jilovlash, ayniqsa shialar peshvosi Muqtada al-Sadrning Mahdi Armiyasiga qarshi harbiy harakatlar ijobiy baholangan. Saylovning dastlabki natijalari xalq orasidagi anu shu kayfiyatni aks ettiradi”.

Muqtada al-Sadr Eron bilan yaqin aloqada ekan, al-Malikining g’alabasi Iroqda Eron quvvatlaydigan guruhlar uchun mag’lubiyat deb ko’rilmoqda.

Tahlilchi Metyu Dass fikricha Iroq rahbarlari bu imkoniyatdan mamlakatdagi turli mazhablar, shia, sunniy va kurdlarni o’z ichiga olgan mustahkam koalitsion hukumat tuzish uchun foydalanishi lozim.

XS
SM
MD
LG