Buyuk Ipak Yo'lining eng yorqin namunalari joylashgan azim Samarqandning 2750 yilligi tantana qilinar ekan, qadim yodgorlik va obidalarni asrab qolish yuzasidan fikrlar turlicha.
Mutaxassislar fikricha, davlat tomonidan ajratilayotgan mablag’ning tanqisligi yoki umuman yo’qligi muammolarning asosiy sabablaridandir.
Turli davlatlar arxeologlari tomonidan qazib topilayotgan noyob arxeologik yodgorliklar mablag’ ajratilmagani bois qor-u yomg’ir ostida nurab ketishga mahkum bo’layotgani ham aytiladi. Shu munosabat bilan ayrim o’zbekistonlik olimlar yodgorliklarni hozircha yer ostida qoldirgan ma’qul, deb hisoblashadi.
O’zbekistonning Samarqand viloyatidagi arxeologik qazilma ishlari paytida bo’yi 10-12 metrli, eni 30 metrdan oshadigan piramidasimon minora topilgan. Mutaxassislar fikricha, miloddan avvalgi 7-8 asrlarga mansub bu yodgorlik betakrorligi bilan noyobdir. Tarix fanlari doktori Muhammadjon Isomiddinov gapiradi:
“Samarqanddan 35 kilometr shimolda, Ko’ktepa yodgorligida qadimgi shahar deb aytgan joyimiz hududida ikkita katta, yirik tepa bor. Biri miloddan ilgarigi 7-8 asrlarga oid haqiqiy ibodatxona bo’lib chiqyapti. O’shaning yonida qadimgi shahar hokimining qasri degan taxminimiz bor, lekin u yerda qadimgi piramidalarga o’xshagan minoralar bor. Haqiqatdan ham, baland qilib xom g’ishtlardan, guvalasimon g’ishtlardan baland qilib ko’tarilgan tepalar bor. O’shaning ustiga chiqib, olov yoqib o’shanga ilk zardo’shtiylar sig’ingan bo’lishi mumkin”, - deb hisoblaydi Isomiddinov.
Bugun O’zbekistonda 10 mingga yaqin arxeologik yodgorliklar mavjud. Buxoro, Xiva, Samarqand, Shahrisabz kabi shaharlar esa UNESCO [BMTning ta'lim, ilm-fan va madaniyat agentligi] ro’yxatiga kiritilgan va ular butunjahon madaniyati tarixi hisoblanadi.
Mutaxassislar fikricha, ayni paytda 2500 ga yaqin barcha arxitektura yodgorliklarining ahvolini qoniqarli deb bo’lmaydi. Buning sababini yodgorliklarni ro’yxatga olish, saqlash va foydalanish davlat nozirligi inspektori mana bunday izohlaydi:
“Muammolardan kattasi mablag’ yetishmasligi. Katta, ko’zga ko’rinadigan madaniy yodgorliklarimizga oz bo’lsa ham mablag’ ajratiladi. Lekin respublikamizda qanchadan-qancha 16-15-14 asrlarda qurilgan, uzoq-uzoq qishloqlarda joylashgan kichkina-kichkina yodgorliklarimiz, masjid, maqbaralar, madrasalar, xonaqohlar joylashgan. O’shalarga bizning mablag’larimiz yetib bormaydi. O’shalar yildan-yilga buzilib, nurab, yo’q bo’lib ketyapti”, - deydi ismini oshkor etishni istamagan mutaxassis.
Mutaxassislar fikricha, joylardagi mahalliy davlat boshqaruv organlarining me’moriy yodgorliklarga nisbatan o’zboshimchalarcha munosabati ham muammolarga bois bo’lmoqda.
"Joylardagi mahalliy davlat boshqaruvi organlarining buyrug’i bilan qanchadan-qancha mahalliy ahamiyatga molik arxitektura yodgorliklari buzilib ketyapti. Yodgorliklarni o’zboshimchalik bilan sotuvga qo’yish, ko’p yillarga ijaraga berish, shunday faktlar borki, me’moriy obidalarni xorij firmalariga sotib yuborishgacha borilyapti. Shunday faktlar Buxoro, Samarqand, Xivadek katta-katta shaharlarda uchrayapti. Vaholanki, arxitektura durdonalarini sotish u yerda tursin, uzoq vaqtga ijaraga berish ham noqonuniy deb hisoblanadi."
Mutaxassislarga ko’ra, o’tgan yillar mobaynida yer o’zlashtirish, paxta yetishtirish maqsadida respublikadagi arxeologik yodgorliklarning bir qismi nobud qilingan.
Tarixning bu noyob yodgorliklarining yana bir qismi esa, yo’l yotqizish, suv va gaz quvurlari o’tkazish, zavod va fabrikalar, bog’lar barpo etishda yo’q qilingan. Biroq bugun ham respublikada bu kabi holatlarga chek qo’yilmayotir, deydi yodgorliklarni saqlash nozirligi xodimi Yusufjon Qo’ziyev:
“Mana, bozor iqtisodiyoti ekan, qilganimni qilaman deb yo yodgorlik ustiga olib borib tom solishi mumkin, yodgorlikning o’rtasidan yorib yo’l qilishi mumkin, bog’ ekishi mumkin, yoki buzib tashlashi mumkin. O’sha tomonlari hali bor. Yoki rayon hokimlari, shaharchalarning hokimlari shu yer menga berilgan ekan, men hokimmiman, demak nima istasam o’shani qilaman degan niyatlar bilan, palonchi yerdan yo’l och, palonchi yerni haydab tashla, ekinchilik qilamiz deb, o’sha sababli arxeologik yodgorliklarimiz yo’qolib ketishi mumkin. Bir marta yo’qoldimi, bo’ldi, hech kimning qo’lidan kelmaydi uni yangidan tuzish. Muammolar ko’p bu to’g’risida. Ularga xat yozyapmiz, kerak bo’lsa borib gapiriyapmiz hokimlari bilan. Sudlashgan tomonlarimiz ham bo’lgan”, - deydi nozirlik xodimi.
O’zbekiston tarixi, uning boy arxeologik merosi dunyo olimlarini ham jalb etmoqda. Keyingi yillar respublikada Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Avstraliya, AQSh olimlari bilan birga ko’pgina qo’shma ekspedisiyalar ham olib borilayotir.
Biroq mutaxassislar bu qazilmalarning ba’zilari haqida davlat boshqaruviga o’z vaqtida ma’lumot berilmayotgani haqida aytishadi:
“Ba’zi odamlar yoki o’zlarini arxeolog hisob qiladimi, yoki o’zboshimchalik bilan ish olib borib, hukumat nazorat tashkilotlaridan ruxsatnoma olmasdan kovlash ishlarini olib boryapti. Arxeolog-brakonyer desa bo’ladi ularni. Yoki ruxsatnomani bitta tepalikka olib, boshqa tepalikda ish olib borishadi. Yoki muzeydanmi, boshqadanmi o’zboshimchalarcha mana, yer bizniki, viloyat bizniki, borib kovlanglar istagan yeringdan, deb aytilgan holatlar ham bo’lgan”, - deydi Qo’ziyev.
Ayni paytda respublika hududlarida 30 dan ortiq arxeologik qazilma ishlari olib borilayotir. Ular tosh asridan to 18 asrgacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. Biroq bunday izlanishlarga davlat tomonidan mablag’ ajratilmayotgani, yoda oz miqdorda ajratilayotgani bois, aksariyat nodir arxeologik qazilmalar xorijlik olimlar homiyligida o’tkazilmoqda.
Biroq bir-ikki yil o’tar-o’tmay qor-u yomg’ir ostida nurab ketishga mahkum bo’layotgan bu yodgorliklarni asrash ham qadimshunoslar oldida katta muammo bo’lib qolayotir.
Ba’zi mutaxassislar fikricha, to’laqonli qazishma ishlari olib borishga bugun respublika iqtisodiy yoda ilmiy imkoniyati yetmas ekan, hozircha tuproq ostidagi tarixni shundayligicha qoldirgan ma’qul.