Breaking News

Qorasuvdagi chegara o'zbeklarni bir-biridan ajratib qo'ygan


Sovet Ittifoqi davrida uning tarkibidagi respublikalar orasida chegara borligi deyarli sezilmagan.

Chegara savdo va sayohatga deyarli halaqit bermas edi. Bugun esa aholi uchun chegara punktlaridan o’tish juda mushkul.

Rasmiylar bunday emas deydi, ammo amalda vaziyatning qanday ekaniga oddiy xalqning o’zi har kuni guvoh.

Qirg’izistonning Qorasuv shahar bozorida savdo qilayotgan odamlarning deyarli yarmi o’zbeklar. Umuman, Qorasuv aholisining katta qismi o’zbeklardan iborat. Chegaraning narigi tomonida qirg’izlar ham shuncha sonni tashkil etadi.

Qorasuv bozorida sotilayotgan mollarning aksariyati chet el mahsulotlari. Internet kafelaridagi yozuvlarga qarab, kim bilan biznes qilinayotganini bilasiz. Xitoy, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya va Pokiston. Biroq qo’shni O’zbekiston, afsuski, Qirg’iziston tadbirkorlari uchun iqtisodiy hamkor emasligi aytiladi.

2003 yilda O’zbekiston hukumati ikki davlatni ulab turadigan ko’prikni buzib tashlagan. Shahrixonsoy daryosi ustidan o’tgan bu ko’prik Qorasuvning ikki qismini bog’lar edi.

O’zbekiston bu qarori bilan savdo yo’lini ham berkitdi. Qarabsizki, ikki o’rtada nafaqat tijorat, balki bir-biri bilan etnik, tarixiy va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qardosh xalqlar orasida aloqa uzildi.

Chegara aholisi ahvoldan g’oyat norozi. Mahalliy tijoratchilardan biri ko’prik kimga halaqit berganini tushunmaydi.

"Muammo o’zi nimada ekanini bilmaymiz. Biz oddiy bozorchimiz. Biznesimizda O’zbekistonga tayanamiz. O’zbekistondan hech kim kelmasa, bozor ham bo’lmaydi."

Tadbirkorlar yuzlashayotgan muammolar balki yangi ko’prik ochilsa, yakun topar. Hozircha esa faqat piyoda yo’lovchilar o’tmoqda. Mashina o’tsa bo’ladigan eng yaqin joy 15 kilometr narida. Oqibatda chegarani yashirin tarzda kesishga urinayotganlar ko’p. Suvga cho’kib ketganlar bor.

Jurnalist Alisher Soipov janubiy Qirg’izistonni yoritadi. Amerika Ovozining O’shdagi jamoatchi muxbiri. Uning aytishicha, O’zbekiston hukumati chegarani qanchalik berkitmasin, g’oyaviy va ma’naviy bog’liqlikni yo’q qila olmaydi.

"Erkinlik chegara bilmaydi. O’zbekiston Qirg’iziston va Tojikiston bilan til biriktirib, chegarani mahkamlamoqda, yopmoqda. Lekin fikr va g’oya oqimini to’xtatib bo’lmaydi. Bu oqimda ekstremizm, demokratiya, radikalizm, hammasi o’tadi", - deydi Alisher Soipov.

2005 yilning may oyida Andijon markazida yuz bergan qonli voqealar ko’plab insonlar hayotiga zomin bo’lgan. Xalqaro tashkilotlar nazarida hukumat kuchlari ommaga qarata o’t ochib, yuzlab aholini o’ldirgan.

Namoyish va uning mash’um yakuni ketidan yuzlab kishi Qirg’zistonga qochgan. Ko’pchiligi hozirda o’zga davlatlardan boshpana olgan. BMT Qochqinlar agentligi ko’magida.

Agentlikning O’shdagi direktori Muluse Mamo fikricha, Karimov hukumati unga qarshi chiqqanlarni hamisha jinoyatda ayblab keladi.

"Kimdir siyosatga aralashgandir, kimdir inson huquqlari himoyasi uchun jon kuydiradi. Bu axir fuqarolarning asl huquqlari, bunga haqqi bor ularning. Lekin hukumat nazarida bunday harakat doim “tuzumga qarshi harakat” deb e’tirof etiladi", - deydi BMT vakili.

Mamoning aytishicha, hozirda O’shda 70 ga yaqin andijonlik qochqin bor. Lekin faollarning aytishicha, hududda o’zbekistonliklar juda ko’p. Advokat Rustam Mamazokirov o’zbekistonlik qochqinlar huquqini himoya qiladi.

"Bugun Qirg’izistonda yurgan o’zbekistonliklarning Andijon voqealariga aloqasi yo’q. Ularning bu yerga kelayotgani umumiy ahvol bilan bog’liq. O’zbekistonda so’z va din erkinligi yo’q. Qarabsizki, odamlar bu yerga O’zbekistonning har yeridan kelyapti", - deydi Mamazokirov.

O’zbekiston hukumati, Qirg’izistondagi o’zbeklar nazarida, ikki mamlakatdagi xalqlarni bir-biridan uzoqlashtirmoqda. Lekin, deydi aholi vakillari, qoni, kelib chiqishi bir insonlarni ajratib bo’lmaydi.

XS
SM
MD
LG