Breaking News

AQSh-O'zbekiston aloqalari yaxshilanishiga umid bor


AQShning O`zbekistondagi yangi elchisi Richard Norland yaqinda O`zbekiston prezidenti Islom Karimovga ishonch yorlig`ini topshirdi. Siyosatshunoslar fikricha Andijon voqealaridan so’ng ancha susaygan AQSh-O`zbekiston munosabatlari, mintaqaviy xavfsizlik va taraqqiyot borasidagi harakatlar tufayli asta sekin yaxshilanishiga umid bor.

Elchi Norland deydiki, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, xavfsizlik va integratsiya bo`yicha hamkorlik qilish juda muhim.

O`tgan mart oyida O`zbekistonda bo`lib, qator rasmiylar bilan muzokoralar o`tkazgan AQShning mintaqa bo’yicha bosh diplomati Evan Faygenbaum ikki davlat o`rtasida imzolangan strategik sheriklik haqidagi shartnoma kuchda qoladi va unga rioya qilish kerak deya eslatgan edi.

Shartnoma iqtisodiyot va xavsizlik bobida hamkorlik qilish uchun zamin yaratishi hamda O’zbekistonda inson huquqlari e’zozlanishi va demokratik islohotlar qilinishi uchun yo’l ochishi kerak edi. Lekin bugun har ikki tomon bitim ijrosiga ahamiyat bermayotganlikda tanqid qilinadi.

Rasmiy Vashingtonning O’zbekistonga bildirayotgan bugungi munosabati shuki, AQSh demokratiyani qo`llab-quvvatlashda va inson huquqlari ahvolini yaxshila deya talab qilishda davom etadi. AQSh prezidenti Jorj Bush “O’zbekistondagi demokratik kuchlarga ko`mak ko`rsatamiz”,- deydi.

Rasmiy Toshkent nazarida esa AQSh inson huquqlari va demokratik o’zgarishlar haqida bong urarkan, mamlakat ichki ishlariga aralashayotganini anglamayapti.

AQSh-O`zbekiston munosabatlarining keskin sovuqlashishiga sabab bo`lgan Andijon voqealaridan ikki yil o`tib, deydi tahlilchi Komron Aliyev, endi Amerika aloqalarni tiklashga harakat qiladi.

“Birinchidan, Amerikaning demokratiyani [yoyish] siyosati nuqtai nazaridan, ikkinchidan esa Markaziy Osiyo energetik zahiralarga boyligi uchun. Uchinchidan esa O`zbekiston mintaqadagi magistrallarni bir- biriga bog’lovchi mamlakat bo`lganligi uchun”,- deydi Aliyev.

Siyosatdon fikricha O`zbekiston bundan manfaatdor, chunki bugungi geo-siyosat, investitsiya bilan bog’liq muammolar, ularning kamayayotgani, Karimov ma’muriyatiga nisbatan xalqaro bosim - rasmiy Toshkentdan Yevropa va AQSh bilan yaqinlashishni taqozo etmoqda.

Toshkentdagi “Ijtimoiy fikr” markazi direktori o`rinbosari Marat Xo’jamuhammedovning aytishicha jamoatchilik Amerikaga nisbatan turlicha munosabat bildiradi. Biroq aholi orasida antiamerikanizm kayfiyati kuzatilmaydi. Ijtimoiy munosabat AQSh tutgan siyosatga bog`liq, deydi u.

“Amerikaning o`zi O`zbekistonni juda ko’p tanqid qilgan… AQSh o`z munosabatini real siyosat bilan o’zgartirishi kerak”, - deydi Xo’jamuhammedov.

O’zbekiston hukumati tanqidchilari nazarida esa munosabatlarni yaxshilash rasmiy Toshkent bo’ynida: inson huquqlari himoyalansin, demokratik o`zgarishlar qilinsin va muxolifatga yo`l ochilsin.

XS
SM
MD
LG