O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi mamlakat prezidenti lavozimiga amaldagi rahbar Islom Karimov nomzodini taklif etmoqda.
Kuzatuvchilar nazarida bu bilan Karimov 2014 yilga qadar hokimiyatda qoladi.
Liberal -demokratlar partiyasi matbuot bo`limi boshlig’i Akbarxon Magdiyevning aytishicha Karimov bu partiya tashabbuschisi bo`lgani uchun ham shunday qarorga kelingan.
“Partiya elektorati, fermerlar, tadbirkorlar, xusisiy sektor vakillarining bir rahnamosi sifatida prezidentimizning tashabbusi bilan tuzulgan bu partiya. Shuning uchun bugun biz prezidentlikka partiya nomidan prezident Islom Abdug’aniyevich Karimovni ko`rsatdik”, - deydi Magdiyev.
O`zbekistonni 1989 yildan buyon boshqarib kelayotgan Islom Karimov qonunga binoan ikki bor prezidentlikka saylanib bo’lgan.
Konstitusiya unga uchinchi bor saylanishni man etadi.
Magdiyevning aytishicha partiya yig’ilishida masalaning bu tomoni muhokama qilinmagan. Bu narsa, deydi u, partiyaning nayobrda kutilayotgan qurultoyiga qoldirilgan.
“Hozir partiya prezident nomini ko`rsatib, uni qo`llab-quvvatlashini bildirdi”, - deydi Magdiyev.
Liberal-demokratlar partiyasi O`zbekiston Oliy Majlisi uchun o’tgan saylovlardan sal avval tuzilgan. Hozirda parlamentda ko`pchilikni tashkil etuvchi siyosiy guruh.
Tanqidchilar nazarida endi mahalliy matbuot va axborot vositalarida Karimov nomzodi targ’ib qilina boshlanadi. Hatto konstitusiya o’zgartirilishi mumkin degan taxminlar bor.
Muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov fikricha prezident saylovining ssenariysi tuzib bo’lingan.
“Konstitusiyaviy sud biror qaror chiqarib berishi mumkin, uni hujjatlashtirish uchun. Saylov demokratik bo`lmaydi, chunki muqobillik yo’q. Beshta partiya emas, bunaqa partiyadan ellikta partiya bo`lganda ham muqobillik bo`lmaydi. Ikkinchidan, ochiq, erkin saylov bo`lmaydi. Hozirdan aytish mumkinki, bu saylov emas, avvalgilaridek, saylovga o`xshatma”, - deydi Oripov.
Islom Karimov nomzodining ko`rsatilishidan bir kun avval Xalq demokratik partiyasi ham o’z nomzodini - partiyaning Oliy Majlisdagi fraksiyasi rahbari Asliddin Rustamovni ko`rsatgan.
Bugunga kelib rasmiy partiyalardan prezidentlikka nomzodlar soni besh kishiga yetdi.
Prezidentlik uchun “tan olinmagan” nomzodlar ham bor. Jumladan huquq faollari - Abdulla Tojiboy o’g’li, Jahongir Shoislomov, Adham Shoyimardonov, Akbar Aliyev…
Markaziy Saylov Komissiyasi ularning murojaatlarini inobatga olmayapti. Vaziyat shunday davom etadigan bo`lsa, komissiya ustudan sudga shikoyat qilinadi. Komissiya faollar da`vosini rad etgan.