Breaking News

O'zbekistonda prezidentlikka da'vogarlar safi toraymoqda


O'zbekistonda prezident lavozimiga da'vogarlar safi toraymoqda. Poygada avvalgi 6 nomzoddan 4 nafari qolgan. Markaziy Saylov Komissiyasi nomzodlardan hujjat qabul qilishni to'xtatgan.

Komissiya Liberal-demokratlar partiyasi nomzodi Islom Karimov, Xalq demokratik partiyasidan Asliddin Rustamov, Adolat partiyasidan Dilorom Toshmuhammedova va tashabbus guruhidan ko`rsatilgan nomzod Akmal Saidovlarning hujjatlarini o`rganib chiqmoqda.

Markaziy Saylov Komissiyasi nomzodlarni tasdiqlashga doir qarorini 19 noyabrdan keyin e`lon qiladi.

Saylovga Xurshid Do`stmuhammad nomzodini ko`rsatgan “Milliy Tiklanish” partiyasi vakilining aytishicha, qonunda ko’rsatilgan 800 ming imzo to`planmagani bois nomzodni poygadan chiqarish haqida komissiyaga ariza berilgan.

“Fidokorlar” partiyasi nomzodi Ahtam Tursunov ham shu sababga ko`ra nomzodlar ro`yxatini tark etgan.

Kuzatuvchilar fikricha prezidentlikka da’vogar nomzodlarning kamayayotgani ham saylovni o`tkazish bo`yicha tuzilgan ssenariyning davomidir. Huquq himoyachilari alyansi vakili Jahongir Shosalimov minglab a`zosi bo`lgan “Fidokorlar” partiyasida imzo yig`ish muammosi bo`lganiga shubha bilan qaraydi.

Faollarning aytishicha, Islom Karimov uchun imzo yig`ish jarayonida odamlarga bosim o’tkazish hollari kuzatilgan.

Muxolifatadagi “Erk” partiyasining bosh kotibi Otanazar Oripov:

“Boshqa tomondan Islom Karimovni saylovsiz qoldirish harakatlari borayotgani haqida xabar bor. Olmaliqdagi, Bekoboddagi metallurgiya zavodlarida shunday harakatlar bo’lgan. Shu bois saylov bo`lish-bo`lmasligi aniq kafolatlanmagan. Mahallalarda odamlardan pasportlari yig`ib olinayotgani, varaqalar to`ldirilayotgani haqida ma`lumotlar bor, biroq buni kimga arz qilamiz ”, - deydi Oripov.

Shoir Yusuf Juma Buxorodagi maktablarda ham o`qituvchilardan majburiy imzo yig`ilayotganini qayd etadi.

“Karimov prezidentlikka saylovsiz qolsin degan imzolar yig`ilayotgan ekan, xalq ta’limi bo`limidan, paxta zavodidan ayrim ishchilar biz imzomizni qo`ymaymiz deyishgan. Mahalla qo`mitalaridan imzo qo`ymasanglar prokuratura oldida javob berasilar deb qo`rqitishgan”, - deydi Yusuf Juma.

Huquq faoli Jahongir Shosalimov imzolarni o`rganish xolis bo`lishiga shubha bildiradi. Uning ta’kidlashicha, Markaziy Saylov Komissiyasi vakillari imzolarni o`rganish uchun “Nuroniy” jamg`armasi va boshqa tashkilotlardan vakillar taklif qilinishi haqida umumiy gaplar aytishgan.

“Bu umumiy gaplarga asoslanib, hali imzolarni tekshirish boshlanmaganini, saylovlar ochiq-oshkora o`tishi shubha ostidaligini aytish mumkin”, - deydi Shosalimov.

Amaldagi prezident Islom Karimov, boshqa nomzodlardan faqrli o’laroq, konstitutsiyada belgilangan ikki bor saylanish huquqidan foydalanib bo`lgan. Uning nega uchinchi bor nomzod sifatida ko`rsatilayotgani haqida saylov komissiyasi ham, O`zbekiston Liberal-demokratlar partiyasi ham jamoatchilikka tushuntirish bermayapti.

O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi nomzod ko`rsatishda O`zbekiston qonunchiligi buzilayotgani yuzasidan chora ko`rishni so`rab, Oliy Sudga ariza bergan. Biroq sudlar mustaqil bo’lmagan mamlakatda bunday arizadan ne foyda, deydi kuzatuvchilar.

XS
SM
MD
LG