Prezident Jorj Bush AQSh hech kimni qiynoqqa solmaydi deydi. Biroq bu Amerikaga tegishli qamoqxonalarda tergovchi va harbiylar mahbuslarni qiynamayapti deganimi?
Yaqinda mamlakat matbuoti AQSh Adliya vazirligining qiynoqlar haqida qanday yo’riqlar berganini fosh etdi. Kongress bu maxfiy hujjatlarni ko’rishni talab qilmoqda.
Amerika matbuoti tarqatgan xabarlarga ko’ra, adliya vazirligi kamida ikki hujjatda federal agentlarga mahbuslarni so’roq qilishda qiynoq usullarini qo’llash uchun ruxsat bergan.
Bu maxfiy hujjatlar 2005 yilda yozilgan va tasdiqlangan. Bushning yaqin maslahatchisi Alberto Gonzalez adliya vaziri etib tayinlanganidan keyin. Kongressda hukmron demokratlar bu qogo’zlar ularga topshirilishini talab qilmoqda.
“Kongress qiynoqlarga qarshi jiddiy bir chora ko’rmasa, Bush ma’muriyati buni eplolmaydi”, - deydi demokrat senator Ted Kennedi.
Prezident Bush esa Oq Uyda bu borada savollarga javob berarkan, har qanday qiynoq jinoyat deydi.
“Hukumatim hech kimni qiynoqqa solmaydi. Bu borada mahalliy va xalqaro qonunlarga sodiqmiz”.
AQSh xalqaro maydonda 2001 yildan beri terrorizmda gumon qilingan insonlarni qiynaganlikda, qabih usullar qo’llaganlikda ayblanib keladi. Inson huquqlari tashkilotlari fikricha Bush siyosati qiynoqqa asoslangan.
“Agar prokurorlar qorani oq, to’g’rini noto’g’ri deya ko’rsatma bersa, qaynoq suv quyib so’roq qilish qiynoq emas desa, hech bir qonundan foyda yoq”,- deydi huquq himoyachisi Elissa Massimino .
Bush o’tgan yili terrorda gumon qilingan shaxslarni qanday so’roq qilish va sudga tortish borasidagi qonunga imzo chekkan. Unda prezident urush mahbuslariga munosabat haqidagi Jeneva Konvensiyasiga asoslangan holda so’roq qilishni buyuradi.
Bush Al-Qoida va Tolibon bilan aloqadorlikda ayblanib qo’lga olingan kishilarni qiynoqqa solishni ta’qiqlagan.
New York Times gazetasi ma’lumotlariga ko’ra, 2005 yilda tergovchilarga mahbuslarning boshiga urish, ularni o’ta yuqori haroratda saqlash va suvga cho’ktirish kabi qiynoqqa solish uchun ruxsat berilgan. Huquqshunos Deyvid Sheffer nazarida bu qo’rqinchli siyosat.
“Bu kabi so’roq qilish usullari, hukumat advokatlari fikricha, qiynoq emasmish. Albatta, qiynoq. Masala chuqur xavotir uyg’otadi”,- deydi Sheffer.
Bush esa terrorga qarshi kurash ko’p narsa talab qiladi deydi. “Amerikaga qarshi hujum rejasi haqida biladigan odamni ushlasak, albatta uni qamoqqa olamiz va so’roq qilamiz.”
Oq Uy mahbuslardan olingan ma’lumot Amerikani xavfdan saqlaydi deya qayd etmoqda. Biroq Kongressda va jamoatchilik orasida bu qaydlarga ishonch past. Hozirda katta tekshiruv boshlangan.