Breaking News

Senat tekshiruvi Bush ma'muriyatini qiynoqlarda aybdor topdi


AQSh Senati chiqargan yangi hisobotda aytilishicha, Iroq, Afg’oniston va Kubadagi Guantanamo qamoqxonasida mahbuslarni tahqirlash hollari Bush ma’muriyatining roziligi bilan ro’y bergan.

“Oq uy rasmiylari, jumladan sobiq mudofaa vaziri Donald Ramsfeld hibsdagilarni qo’pol so’roq qilishga ruxsat bergan”, - deydi Senat tekshiruvini olib borgan qonunchilar.

Qo’pol so’roq qilish deganda terrorizmda gumon qilingan shaxslarni aybiga iqror qilish uchun ularni suvga cho’ktirish, og’ziga suv quyish, kunlab uxlatmaslik, yalang’ochlash, stress holatiga soluvchi pozitsiyalarda bog’lab qo’yish, itlar bilan qo’rqitish va suvga bo’ktirish nazarda tutilmoqda. Maqsad ulardan ma’lumot olish va aybiga iqror qilish.

Senatning Qurolli Kuchlar qo’mitasi fikricha bu usullar yillar davomida asosan Pokiston va Afg’onistonda ushlangan shaxslarga nisbatan qo’llangan.

AQSh Mudofaa vazirligi, Pentagon Senat hisobotini ko’rib chiqishini bildirmoqda.

Vazirlik so’zlovchisi Brayan Vitmanning aytishicha, “hozirgacha shunga o’xshash 12 tekshiruv o’tkazilgan bo’lsa, hech biri hukumat qiynoqlarga yo’l qo’yib berganini isbotlay olmagan”.

Oq uy rasmiylari ham mahbuslar faqat qonun asosida so’roq qilinadi deb keladi. Ammo qonunchilarga ko’ra mahbuslarga azob berish ham Afg’oniston, ham Iroqda, keng miqyosda kuzatilgan holatdir.

Ayniqsa 2004 yilda Amerika askarlarining boshiga qop kiydirilgan va bog’langan mahbuslar oldida tushgan rasmlari jahon ahlini dahshatga solgan edi.

AQSh Senatining Qurolli Kuchlar qo’mitasi rahbari, demokrat Karl Levin deydi-ki, “mas’ul rasmiylar aybni bir necha harbiyga to’nkab, ularni xizmatdan haydash bilan o’zini oqlashga urinmoqda”. Uning fikricha, AQSh xalqaro sahnada obro’-nufuzini oshirmoqchi ekan, o’z xatolarini tan olishi lozim.

XS
SM
MD
LG