Breaking News

Demokratiyaga yetaklovchi diktatura?


Pokistonda 8 yanvar kuni parlamentga saylovlar o’tkaziladi.

AQSh Davlat kotibi muovini Richard Baucher ta’biricha, Pokistondagi saylovlar tom ma’noda erkin va adolatli o’tadi deb aytish qiyin. Biroq bu – demokratiya sari muhim qadam bo’ladi. Ham prezident Musharraf, ham muxolif partiyalar xalq manfaati yo’lida harakat qilsa bas deydi AQSh rasmiysi.

2001 yildan beri Qo’shma Shtatlar Parvez Musharraf hukumatiga 10 milliard dollar harbiy yordam ajratgan. Musharraf favqulodda holat e’lon qilgach, Vashington moliyaviy yordamni kamaytirish ustida o’ylanib qolgan.

AQSh senatori Robert Menendezning aytishicha, Al-Qoida va Tolibon Pokistonda xohlagan ishini qilmoqda. Usama bin-Laden mamlakatning shimoliy qismida yashirinib yuribdi. Pokistonda Amerikaga qarshi kayfiyat avjida. Prezident Musharraf esa diktatura o’rnatmoqda. Buni muvaffaqiyat deb atash mumkinmi deb so’raydi senator.

AQSh rasmiylari nazarida Pokiston barqarorligi AQSh uchun muhim. Mamlakatdagi demokratik o’zgarishlarda AQShning hissasi bor, deydi ular.

Muxolifat yetakchilari, sobiq bosh vazirlar Benazir Bxutto va Navoz Sharif hukumatga qator talablar qo’ymoqda. Aks holda saylovlarda qatnashmaymiz deydi ular. Biroq Bxutto va Sharif o’zaro murosa qilishga qiynalayotgan ko’rinadi.

Navoz Sharif va Benazir Bxutto hukumatga qo’yilgan 15 talabning 2 bandi yuzasidan tortishmoqda. Mazkur bandlar mazmuni ma’lum qilinmagan.

Bxuttoning aytishicha, uning paytiyasi saylovlarda qatnashadi deb 80 foiz ishonch bilan aytish mumkin.

Saylovlar adolatli o’tmasa, deydi u, muxolifat hukumatga qarshi bosh ko’taradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG