Breaking News

Tahlilchilar nazarida Pokistonda demokratiya nozik masala


Sobiq bosh vazira Benazir Bxuttoning o’limi Pokistondagi siyosiy vaziyatni yanada chigallashtirgan. Qayta jonlangan muxolifat 2007 yil davomida hukumatni harbiy boshqaruvdan voz kechishga undab, bunga erishdi ham. Biroq demokratiyadan hali darak yo’q, deydi siyosatdonlar.

Amerikalik professor Larri Gudsonning aytishicha, Pokiston davlati 60 yil avval barpo etilganidan beri hali biror marta haqiqiy demokratiya mevasini tatigani yo’q.

“Mamlakat tarixida harbiylar bir necha bor hokimiyatni qo’lga olgan. Benazir Bxuttoning otasi – Zulfiqor Ali Bxutto 1977 yilda, bosh vazir Navoz Sharif esa 1999 yilda hokimiyatdan ag’darilgan”, - deydi Gudson.

Pokistonda harbiylar ko’p hollarda u yoki bu siyosatchining mansabga tayinlanishi-yu, ishdan ketishiga sababchi bo’lgan.

Tahlilchi Kristina Feyer Pokistonda xalq saylagan bosh vazirlarning hech biri muddatini yakunlay olmagan deydi. Uning fikriga ko’ra, saylov tizimi va saylovlarda ishtirok jihatdan hatto Eronda vaziyat ijobiyroq.

Amaldagi rahbar Parvez Musharraf boshqaruvi davrida prezident vakolatlari kuchaytirildi. Ikki yirik muxolif guruh – Bxuttoning Xalq Partiyasi va Navoz Sharifning Musulmon Ligasi Musharrafga qarshi birlashish haqida o’ylanmoqda.

Lekin, tahlilchi Kristina Feyer deydi-ki, siyosiy ittifoqchilik uzoqqa bormaydi. Diniy partiyalardan tashkil topgan “Muttahida Majlis-e Amal” muxolifat koalitsiyasi bundan mustasno. Feyerning aytishicha, hokimiyatga kelgach umumiy manfaatlar yoddan ko’tariladi, guruhlar o’z cho’ntagini o’ylaydi.

Benazir Bxutto va uning turmush o’rtog’i Osif Ali Zardari ham korrupsiyada ayblangan. Zardari 10 yil muddatga qamoqqa tashlangan. Sobiq bosh vazir Navoz Sharifga o’xshash ayb qo’yilgan, lekin isbotlanmagan.

Amerika Ovoziga o’limidan ikki hafta oldin bergan intervyusida, Benazir Bxutto hukumat saylov natijalarini soxtalashtirishni boshlaganini aytgan edi.

“Avvalo saylov komissiyasi mustaqil bo’lishi, shahar hokimlari vaqtincha ishdan olinishi, saylov byuletenlari yaqindan kuzatilishi va razvedka idoralarini bu jarayonga aralashtirmaslik kerak”, - degan edi Bxutto.

Avvaliga 8 yanvarga, Bxutto o’limidan so’ng esa 18 fevralga belgilangan saylov adolatli o’tadi, deydi prezident Parvez Musharraf.

Pokiston siyosiy tizimini ko’pincha oilalar boshqaradi. Bxuttoning Xalq Partiyasiga endi uning 19 yoshli o’g’li, Biloval Zardari rahbarlik qiladi.

XS
SM
MD
LG