Litvada Shimoliy Atlantika Harbiy Bloki - NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari uchrashmoqda.
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Afg’onistonga ko’proq qo’shin jo’natish zarurati haqida gapirgan. Uning fikricha, Afg’onistonda muvaffaqiyat qozonish mumkin va umidsizlikka o’rin yo’q.
Geyts NATOning barcha davlatlari bu muhim jangga o’z hissasini qo’shishi zarur deydi.
Yevropa davlatlari fikricha esa Afg’onistonni qayta tiklash va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish muhimroq. Robert Geyts bu fikrga qo’shiladi, biroq deydi u, ayni damda qo’shin sonini oshirish – ustuvor masala.
Harbiylar jangda teng ishtirok etishi kerak, hech qanday istisno va shartlarsiz deydi Geyts.
Gap shundaki, NATOga a’zo ba’zi davlatlar askarlarni xavfli hududlarga jo’natmaslikni ma’qul ko’rmoqda. Qo’shma Shtatlar bundan norozi. Yaqinda Robert Geyts Afg’oniston janubiga qo’shimcha 3200 askar jo’natishga ko’rsatma bergan.
Geyts NATO Mudofaa vazirlarining kechagi muloqotini ijobiy baholamoqda.
NATO davlatlari tarqoq degan fikrga qo’shilmayman deydi u. Bu jangda hali ham bo’lsa g’alaba qilish mumkin. Talabim shuki, ko’proq askar jo’nataylik, shunda ish unumliroq bo’ladi deydi AQSh Mudofaa vaziri.
Shu yil oxirida amerikalik 3200 askar vataniga qaytadi. AQSh nazarida bu bo’shliqni NATOning qolgan davlatlari qoplashi zarur. Bu orada Kanada, boshqalar yordam bermasa, askarlarni Afg’onistondan chaqirib olish niyatida.
Ba’zi ittifoqchilar qo’shin jo’natishga va’da bergan, biroq uning ijrosi haqida gapirishga hali erta.
NATO Bosh kotibi Yaap de Xup Sxeffer nazarida esa Afg’oniston kelajagi mahalliy hokimiyat qo’lida.
Afg’oniston afg’on xalqiga qarashli, NATOga emas. Korrupsiyani tugatish, qoradori savdosiga chek qo’yish va qonun ustuvorligini ta’minlash xalq ixtiyorida, deydi Sxeffer.