Breaking News

Putin vorisi Medvedevni qo'shnilarga tanishtirdi


Rossiyada Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining norasmiy sammiti o’tmoqda.

Unda O’zbekiston prezidenti Islom Karimov Rossiya Feredatsiyasi rahbari Vladimir Putinni “Buyuk xizmatlar uchun” nomli orden bilan mukofotlagan.

Rasmiy axborotga ko`ra, Vladimir Putin O`zbekiston-Rossiya hamkorligini rivojlantirish, ikki davlat xalqlarini yaqinlashtirishga qo`shgan hissasi uchun O`zbekistonning oliy darajadagi mukofoti bilan taqdirlangan.

Tahlilchilar ta’biricha esa, Rossiya prezideti O`zbekistondagi avtoritar tuzum va hukumat rahbarini qo`llab-quvvatlagani uchun Islom Karimov shu tariqa minnatdorchilik bildirgan.

“Vladimir Putinning taqdirlanishi Andijon fojealari bilan bo`gliq. Bu fojealardan keyin O`zbekiston xalqaro hamjamiyat tomonidan izolyatsiya qilindi. Ana shu tarixiy vaziyatdan foydalangan Putin rejimi O`zbekiston hukumatini qo`llab-quvvatladi. Xalqaro doirada himoya qilishga harakat qildi. Mukofotni o`sha xizmatlariga minnatdorchilik sifatida ko`rish mumkin”, - deydi mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov.

MDHning navbatdagi sammiti Vladimir Putinning prezidentlik muddati tugashi munosabati bilan chaqirilgan. Putin sammitda MDH rahbarlariga Rossiyaning bo`lajak prezidenti Dimitriy Medvedevni ham tanishtirdi.

Tahlilchilar fikricha, MDH o`rtasidagi munosabatlarda o`zaro kelishuvdan ko`ra, kelishmovchilik ko`proq. MDH bu ziddiyatni tashkilot sifatida yechish qudratiga ega emas deydi ular.

MDH doirasida iqtisodiy integratsiyalashuv maqsadida tuzilgan Yevrosiyo iqtisodiy hamkorligi hamon og’zaki va yozma va’dalardan nariga o’tmayapti.

Siyosatshunos Farhod Tolipov nazarida tashkilot samarali ishlashi uchun islohotlar o`tkazilishi kerak. Navbatdagi sammitda ham bu borada aniq fikr bildirilmagan.

“Faqat Rossiya o`z siyosatida MDH muhim ahamiyat tutishini ta`kidladi. Tashkilotni isloh qilish yuzasidan biror progressiv fikr aytilgani yo`q”, - deydi u.

Siyosatshunoslar fikriga ko`ra, Rossiya xalqaro maydondagi voqealarga munosabat bildirishda MDHdan o`ziga xos blok-ittifoq sifatida foydalanishi mumkin.

Huquq faoli Abdurahmon Tashanovning aytishicha, MDH miqyosida integratsiya kuzatilmayapti. Sabab – barcha davlatlar avtoritar boshqaruvga asoslanadi.

“MDH, asosan, demokratik jamiyatdan tashqaridagi bir orol bo`lib qolayapti deyish mumkin. MDH o`rtasidagi munosabatlar davlat rahbarlarining avtoritar ambitsiyalari tufayli sovuqlashgan. Yaqin o`rtada tashkilotda integratsiya boshlanadi deb hisoblamayman. Kengroq qaralsa, MDH demokratik hamjamiyatga qarshi blok sifatida namoyon bo`ladi, tashkilotdagi bu munosabat uzoqqa cho`ziladi deb o`ylamayman”, - deydi Tashanov.

So`nggi paytda bir nechta davlatlarda demokratik kuchlar hokimiyatga kelgan.

Bu davlatlarning kommunistik o`tmish asosida tuzilgan tashkilotga nisbatan munosabati esa o`zgarib bormoqda.

XS
SM
MD
LG