Breaking News

Amerikada qora tanlilar iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan hamon orqada


AQShni orzular ro’yobga chiqadigan, sehrli diyor deyishadi. Lekin Amerika jamiyatida qora tanli aholi hamon ko’plab imkoniyatlardan mahrum.

Nyu-Yorkda asoslangan, fuqaro huquqlari uchun kurashuvchi yirik tashkilotlardan biri shunday xulosaga kelgan.

“Afro-amerikaliklarning Buguni” nomli hisobot mualliflari fikricha, qora tanlilar ta’lim darajasi va iqtisodiy jihatdan oq tanli aholidan orqada.

Qora tanlilar qullik azobidan qutulgach uzoq yillar davomida qonuniy tenglik uchun kurashgan. Bugunga kelib, siyosiy jihatdan faol. Ular kirib-chiqmagan soha va bizneslar yo’q.

Ammo aholisining aksariyati qora tanlilar bo’lgan shaharlarda ishsizlik keng tarqalgan. Ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning cheki yo’q. Afro-amerikaliklar orasida qashshoqlikdan azob chekayotgan, giyohvandlikka mukkasidan ketgan odamlar ko’p.

Tashkilot o’tkazgan izlanishda oq va qora tanli aholining hayot farovonligi bir necha ko’rsatkichlar orqali taqqoslanadi. Iqtisod, ta’lim, sog’liqni saqlash, ijtimoiy tenglik va faollik – shular jumlasidan.

Ayni damda AQSh ko’chmas mulk bozorida inqiroz kuzatilar ekan, afro-amerikaliklar orasida qarziga yuqori foiz to’layotgan va uy-joyidan ayrilayotganlar ko’p. Ishsizlik va savodsizlik masalasida ham shu ahvol. 2005 yilgi hisob-kitoblarga ko’ra, qamoqda o’tirgan qora tanli erkaklar oq tanlilarga qaraganda 6 marta ko’p. Mahbuslarning 40 foizi qora tanli.

Jurnalist Xeyzel Ednining aytishicha, ushbu masalalar prezident saylovlari kampaniyasida ko’tarilishi kerak. Prezidentlikka nomzodlar xoh respublikachi, xoh demokrat bo’lsin, Amerika qamoqxonalaridagi ahvol bilan shug’ullansin deydi u.

Tadqiqotchilar fikricha iqtisodiy tafovutlar ortidagi omillardan biri shuki, qora tanlilar orasida ta’lim olishga ishtiyoq kam yoki buning uchun imkoniyat yo’q. O’tgan yili o’rta maktabni bitirib, kollejga kirgan afro-amerikaliklar soni 15 foizga kamaygan.

XS
SM
MD
LG