Fevral - AQShda qora tanlilar oyi. Ularning erkinligi, tengligi va birdamlik uchun kurashgan insonlar xotirlanadi.
Jamiyatning turli jabhalarida bo’lgani kabi, bu mamlakatda qora tanlilar uzoq davr mobaynida qurolli kuchlar safida ham kamsitilgan.
Ikkinchi Jahon Urushida jang qilgan amerikalik zobitlar safida qora tanlilar katta sonni tashkil etgan va ular juda ko’p qiyinchiliklar bilan yuzlashgan. Ular muntazam ravishda kamsitilgan.
Qora tanlilar oq tanlilar bilan birga mashq qila olmagan. Hatto maydonlar ham alohida, sharoit ham shunga yarasha bo’lgan.
Qora tanlilarning yuqori mansab yoki darajaga ko’tarilishi juda qiyin bo’lgan.
Ataylab shunday qilingan, deydi qora tanli uchuvchilar uyushmasi vitse-prezidenti Yujin Stenli.
“Tuskegi uchuvchilari” loyihasining asosiy maqsadi mana, ko’rib qoying, qora tanlilar ham ucha oladi deb ko’rsatish, maqtanish bo’lgan. Ular ham armiya va boshqa sohalarda ishlashga haqli degan maqsadda emas, qarang, ularga ham uchish imkoniyatini berdik, ular eplay olmayapti, qo’lidan kelmayapti degan ma’noda yaratilgan. Oxir-oqibat bu qarash asossiz ekani isbotlandi”-, deydi u.
Frank Grin, afro-amerikalik uchuvchilar manfaati uchun kurashuvchi tashkilotlardan birining rahbari. Qora tanli qahramonlar haqida gapirar ekan, AQShning atoqli uchuvchisi Jon Gringa e’tibor qaratadi.
“Afro –amerikalik uchuvchilar imkoniyati qattiq cheklangan davr edi. Jon Grin esa nafaqat ucha olgan, balki o’z shaxsiy uchish maydonchasiga ega bo’lgan ilk qora tanli amerikalik hamdir ”-, deydi Frank Grin.
1930 -yillarda pilotlik litsenziyasini qo’lga kiritgan Jon Grin Merilend shtatida birinchilardan bo’lib, o’z aeroportini ochadi va o’zi kabi uchuvchilarni ish bilan ta’minlaydi.
Tarixni eslash, faktlarni e’tirof etish muhim, lekin ajdodlar boshdan kechirgan og’ir kunlarni his eta olish kerak, deydi bu uchuvchilar. Yana bir haqiqat shuki, bugun ham afro-amerikalik uchuvchilarning mavqei yuqori emas.
“Hozirgi kunda qora tanli uchuvchilar orasida kapitan unvoniga egalari juda kam. Ikki foizga ham yetmaydi”.
Diskriminatsiya va qiyinchiliklarga qaramasdan qora tanli uchuvchilar, xususan Jon Grin kabi insonlar tarix sahifalarida o’chmas iz qoldirdi. Butun Amerika nazarida qahramonga aylandi. Yosh avlodga namuna bo’ldi.