AQShda to’rt yillik fuqarolik urushi nihoyasiga yetgan bir paytda, bu davlatni parchalanib ketishdan saqlab qolgan 16-prezident Avraam Linkoln 1865 yilda Vashingtonda teatrda otib o’ldirilgan.
Qotil Jon Vilks But ismli fuqaro bo’lgan. Biroq bu jinoyat ortida bir shaxs emas, maxfiy bir guruh turgan.
But otib o’ldirilgan, keyinroq esa jinoyatga aloqadorlikda aybdor deb topilib, yana to’rt kishi qatl etilgan.
Yana to’rt odam qamalgan. Gollivud yulduzi va kino ustasi Robert Redford ishlagan yangi film Amerika tarixiga mash’um kunlar sifatida kirgan mana shu voqealarni aks ettiradi.
1865 yilning 14 apreli. Vashington yuragida joylashgan “Ford” teatrida prezident Avraam Linkoln tomosha paytida o’qqa olinadi.
Oradan to’qqiz soat o’tib, prezident vafot etadi. Amerika vahima va motamda.
Qotil Jon Vilks But san’atkor bo’lgan. AQShda mavjud tasavvurga ko’ra, But yolg’iz harakat qilgan. Lekin aslida jinoyatni yana sakkiz kishi birga rejalagan. Ular vitse-prezident va tashqi ishlar vaziridan ham qutulmoqchi bo’lgan.
Robert Redford suratga olgan “Konspirator” filmida sud qo’liga tushgan ayol, qochishga ulgurgan jinoyatchilardan birining onasi Meri Surratt haqida so’z boradi.
Ayolning uyida o’g’li Jorj Surratt va hamtovoqlari yig’ilib turgan, demak, ona ham aloqador deya xulosa qilinadi.
Frederik Ayken advokat bo’lib, fuqarolik urushi paytida armiya safida janubga qarshi kurashgan. Avvaliga Mari Surrattni, janublik ayolni himoya qilgisi kelmaydi. Lekin sud noxolis, adolatsiz o’tishi mumkin deya fikridan qaytadi.
Ayken oldiniga Marining o’g’lini qidirishga tushadi.
Kino Mari Surratt va advokat o’rtasidagi tortishuv- munosabat haqida. Hibsdagi ona o’g’lini xavfdan asrab qolish uchun hayotdan ham voz kechishga tayyor.
Film premyerasi prezident Linkoln o’ldirilgan teatr binosida o’tkazildi.
Marosimda odam ko’p. Yuzlab tomoshabinlar yulduzlar, davlat arboblarini ko’rishga oshiqadi.
“Linkoln haqida odamlar ko’p gapiradi. Hammaning xabari borday uning hayoti va o’limiga doir detallardan. Lekin sinchiklab qarasam, asl voqeani, fojeani biladiganlar kam, shuning uchun qo’l urdim”,- deydi Robert Redford.
Jeyms Makavoy - advokat Frederik Ayken rolini ijro etgan.
“Qahramonim avvaliga ayol o’lishi kerak deb hisoblaydi – qonunan bo’ladimi, yo’qmi, baribir. Lekin keyinchalik vataniga bo’lgan muhabbat ustun keladi. Yurtiga talluqli hamma narsani, qonunlarni va konstitutsiyani ardoqlashi kerak ekanini tushunib yetadi. Shuning uchun himoyaga o’tadi”.
Mari Surrat obrazini esa Robin Rayt yaratgan.
“Kartina insoniylik haqida. Hayot va qadriyatlar haqida”,- deydi aktrisa.
Tarixchi Fred Borch filmni suratga olishda maslahatchi bo’lib ishladi.
“Filmni suratga olishdan maqsad – aybdormi, aybsizmi, qat’iy nazar ayol ham, boshqalar ham adolat bilan sud qilinmagan. Chunki hukumat qo’rquvda edi. Hammasini birdan bosmasak, yana hujumlar bo’ladi deya vahimada edi”,- deydi u.
Kino bo’lgan voqealar asosida ishlangan.
“Asosan jinoiy tergov jarayonini yoritganmiz bu kinofilmda. O’sha paytlarda jurnalistlar o’tirib, hammasini qog’ozga tushirgan. Bizga as qotdi shular”,- deydi Borch.
Robert Redford film tomoshabinga bilim beradi, tarixga boshqa ko’z bilan qarashga undaydi degan umidda.
“Birovning fikr-qarashini o’zgartiraman, siyosat, umuman hayotda biror o’zgarish qilaman demayman. Lekin odamlar voqealardan xabardor bo’lsa, haqiqatni bilsa, tarix qayta-qayta takrorlanishini ko’rsa, shuning o’zi yetadi. Har holda shundan umidvorman”,- deydi kino ustasi.