Breaking News

"Erkinlik elchilari" - tengsizlik va irqchilikka qarshi kurashgan yoshlar


"Erkinlik elchilari" Amerika bo'ylab safarda, 1961
"Erkinlik elchilari" Amerika bo'ylab safarda, 1961

Bundan yarim asr avval Amerikada irqchilik kuchli, oq va qora tanlilar ikki turli dunyoda yashar edi.

1960 yilda Oliy Sud buni man etadi va jamoat joylari, xususan, restoran va vokzallarda “oqlar” va “qoralar” uchun ajratilgan alohida o’rinlar bekor qilinadi.

Lekin bir qonun bilan bu jamiyat o’z azaliy illatlaridan qutulmagan. Irqchilik chuqur ildiz otgan edi.

Oq tanli jinoiy to’dalar qoralarni tutib olib azoblar, qiynab o’ldirar va bu hollarni tergov qilganlar ham irqchi guruhlar nafratiga uchrar edi.

1960 yilgacha Amerikada jamoat joylarida ikki irq uchun alohida o'rinlar ajratilgan edi. Oq va qora tanli fuqarolar bir-biridan ajratilar edi.
1960 yilgacha Amerikada jamoat joylarida ikki irq uchun alohida o'rinlar ajratilgan edi. Oq va qora tanli fuqarolar bir-biridan ajratilar edi.

Lekin har ikki irq vakillari birgalashib, bu jinoyatlarga qarshi kurash boshlaydi. Buning samarasi katta bo’lgan.

Bu insonlar o’zlarini “Erkinlik elchilari” deb atashgan. Amerikaning irqchilik avlodlar qoniga singib ketgan janubiy shtatlaridan chiqqan yosh faollar.

Ular avtobusga o’tirib, shaharma-shahar, qishloqma-qishloq kezar, to’xtab odamlar bilan muloqot qilar, ularga yoqadimi yo’qmi, irqchilik balosi haqida gapirar, jamoatchilikni tenglik va erkinlikni qadrlashga undar edi.

Bu kunlar AQSh tarixida o’ziga xos iz qoldirgan. Keksa faollar boshida bu tashabbusni uncha yoqlamagan.

Faxriylarning hikoya qilishicha, Irqiy Tenglik Kongressi degan tashkilot bor edi. Bu tashabbus ulardan chiqqan. Kuch-g’ayratga to’la yoshlar edi.

Irqchilikka qarshi kurashgan amerikaliklar orasida oq tanlilar ham ko'p bo'lgan
Irqchilikka qarshi kurashgan amerikaliklar orasida oq tanlilar ham ko'p bo'lgan

Mamlakatni kezib, odamlarga aql o’rgatish oson ish emas, xavfli ham, lekin tenglikka erishish uchun bundan boshqa yo’l yo’q deb turib olishgan.

Ko’pni ko’rgan faollarga bu harakat uncha yoqmagan. Oqibati yaxshi bo’lmaydi deyishgan. Ammo bu yoshlar hech narsadan qo’rqmas edi.

“Erkinlik elchilari” dan biri Joan Mulloland irqchilardan eshitgan so’zlarni hamon unutmagan.

"Bizga qarab “qoramisan, odam emassan” deyishardi",- deydi u.

Jon Luis ham bu elchilardan biri. Hozirda Kongress a’zosi. Janubiy Karolina shtatida ularni oq tanlilar tutib olib, rosa do’pposlashgan.

Alabama shtati, 1961
Alabama shtati, 1961

“Haliyam ko’z oldimda… Oq tanli yosh yigitlar bizga tashlanib, shu qadar urishganki, qonga belanganmiz. Politsiya kelgan, lekin jinoyatchilarni sudga berishga haddimiz sig’magan. Tinchlik elchilari ekanimizni isbotlash uchun yo’q deganmiz”,- deydi Luis.

Elchilar orasida oqlar ham bor edi. Ular ham irqchilardan kaltak yegan. Jim Zverg ulardan biri.

“Zo’ravonlik nima ekanini o’shanda bilganman. Hech kimni ayashmagan”,- deydi Zverg.

Irqchilardan qo’rqib yashash azob edi… Tenglikka erishish uqubatli jarayon bo’lgan.

"Erkinlik elchilari" ketayotgan avtobuslarga hujumlar qilingan. Guvohlar, hatto politsiya qo’l qovushtirib turgan paytlar bo’lgan.

Irqchilar Alabama shtatida yosh faollar ketayotgan avtobusga o't qo'ygan, 1961
Irqchilar Alabama shtatida yosh faollar ketayotgan avtobusga o't qo'ygan, 1961

Alabama shtatida bir avtobusni yoqib yuborishgan. Uning ichida bo’lgan faollardan biri Xenk Tomas o’sha dahshatli damlarni haliyam eslaydi.

“Avtobusimiz o’t ichida, jon saqlash eng muhimi, lekin o’zimizni tashqariga otsak, u yerda irqchilar kutib turishibdi. Ular ham bizni o’ldirishi mumkin edi. Ikki o’t orasida qolganmiz”,- deydi u.

"Erkinlik elchilari" avtobusdan chiqqani ularni qattiq do’pposlashadi. Lekin irqchilar bu yoshlarni o’ldirishgacha bormaydi.

Hukumat bu faollardan safarlarni bas qilishni so’raydi, lekin bu o’jar va jasur yoshlar ortga qaytmaydi.

“Shuncha azob va jabr tortib, yarim yo’ldan qaytish jamiyatimizga nima degan bo’lardi? Mana senga tenglik uchun kurashning achchiq samarasi, irqchilikka qarshi hech narsa qila olmaysan degan bo’lar edi. Biz qaytmaganmiz”,- deydi Diana Nash, "Erkinlik elchilari" dan biri.

"Erkinlik elchilari" - bugun Amerika ardoqlagan qahramonlar
"Erkinlik elchilari" - bugun Amerika ardoqlagan qahramonlar

Ular mamlakatni kezaverdi, ko’plari qamoqqa olindi, ayniqsa Mississippi shtatida vaziyat og’ir edi.

Ba’zi faollar qamoqxonalarda qiynoqqa solingan. U yerda ham irqchilikka qarshi gapirib jazolangan. Tenglikka chaqirib, ashula aytsa, kaltaklangan.

Butun tizim ham irqchilik domida edi, lekin umid boy berilmagan.

Erkinlik va tenglikni madh etib, Amerikani kezgan o’sha yoshlar - bugun qahramonlar. Fuqaro huquqlari uchun kurash boshlash nafaqat matonat, balki zehn va uddaburolik talab qilgan.

Hammasi umid va mehnatga asoslangan, deydi ular. Oddiy avtobuslarda boshlangan harakat keyinchalik keng tus olib, bugungi avlodlar yaxshiroq hayot kechirishi uchun zamin hozirlandi.

1963 yillarga borib, tengsizlik va irqchilikka qarshi kurash butun Amerika bo’ylab qanot yozdi.

Bu illatlarni yengmay turib, kelajak qurish mumkin emas degan tasavvur vujudga keldi. Davlat va jamiyat oldidagi birinchi muammoga aylandi. Ulkan yutuqlarga erishildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG