AQSh poytaxtida yangi muzey - NEWSEUM - axborot muzeyi ochilmoqda. Maskan jahon matbuoti va axborot vositalari faoliyatiga bag’ishlanadi.
Bu yerda dunyoning jamiki gazeta va jurnallarini topish mumkin. Shuningdek, muzey devorlarida kasbiy faoliyati davomida halok bo’lgan 1843 nafar jurnalistning ism-sharifi bitilgan.
Shulardan 66 nafari 2006 yilda, 92 nafari 2007 yilda jon bergan. Ushbu ro’yxatda Amerika Ovozi O’zbek xizmatining Qirg’izistondagi muxbiri, o’tgan yili O’shda otib o’ldirilgan Alisher Soipov ham bor.
Muzey ochilishiga Alisher Soipovning yaqinlari ham taklif etilgan edi, biroq O'shdan AQShga kelish bir oz muammoli bo'lgani sabab marosimga ular nomidan Alisherning do'sti, qirg'izistonlik jurnalist Elmurod Qosimov tashrif buyurdi.
Biroz avval Elmurod bilan suhbatda bo’ldik.
Amerika Ovozi: Alisher Soipovning o'ldirilganiga olti oy bo'ldi. Biroq haligacha qotil kim ekani, qotillik qanday maqsadda amalga oshirilgani haqida aniq ma'lumot yo'q. Bir necha oy burun Qirg'iziston Ichki ishlar vazirligi qotilning shaxsi aniqlanganini ma'lum qilish bilan cheklanib qolgan, biroq shu paytgacha tergov borasida yangi axborot chiqmagan. Elmurod, sizda bu haqda biror yangilik bormi?
Elmurod Qosimov: “Bor. 2007 yil oxirlarida O’sh shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i Rustam Mirzamatov Alisher o’ldirilgan pistolet Bishkek shahrida oldin ham jinoiy guruhlar orasida qo’llanilganini aytgan. Kimnidir yo’q qilishda ishlatilgan. Adashmasa, 35-40 yoshlardagi osiyolik erkak qotil deb aniqlangani aytilgan. Undan keyin hamma narsa jim bo’lib ketdi. Lekin yangi Ichki ishlar vaziri tayinlanganidan keyin, yanvar oyida, O’sh shahrida bo’lgan boshqa bir qotillik qayta ochilgan. 2006 yilda o’zbek milliy madaniy markazining shahar miqyosi bo’yicha boshlig’i Oybek Olimjonov otib ketilgan edi. Shu odamning o’ldirilishi, Alisher Soipov va polkovnik Uran Aliyev (Ichki ishlar boshqarmasining O’sh va Botkent shahar bo’yicha rahbari, 2005 yilda otib ketilgan) ning o’ldirilishi bilan bog’liq jinoyatlarni qaytadan ko’rib chiqishga qaroro qilingan. Avval bu ishlarni O’sh shahar Ichki ishlar boshqarmasi bilan birgalikda RUPOB (Regionalnoye upravleniye po borbe s organizovannoy prestupnostyu – Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi) tegrov qilgan. Biroq 2007 yil fevraldan e’tiboran bu ishlar RUPOBning o’ziga yuklatib qo’yildi. Bizni qayta chaqirishdi, savol-javoblar bo’ldi. “Taxminlaringiz bormi” deb so’rashdi. Taxminlarim yo’q. “Biz ham jinoyatchilarni topishni istayapmiz, yaqinda barchasini ochamiz” deyishdi. Ya’ni oxirgi xabar shuki, to’pponcha aniqlangan va jinoyatni tergov qilish RUPOBga topshirilgan”.
Amerika Ovozi: Uning o’limi sizga, qolgan jurnalistlarga qanday ta’sir qildi? Kasbiy faoliyatingizga bo’lgan munosabatingizda o’zgarish bo’ldimi?
Elmurod Qosimov: “Oldinlari balki ahamiyat bermagandirmiz Alisherning aytayotgan gaplari va yoritayotgan mavzulariga. Tanlagan mavzulari oqibati shunga yetaklagan bo’lsa, balki buni qilishimizning hozir vaqti emasdir, buni qilsak bo’ladi, buni qilmaganimiz ma’qul degan fikrlar paydo bo’ldi lekin”.
Amerika Ovozi: Elmurod, siz Alisher bilan uzoq vaqt birga ishlagansiz, do'st bo'lgansiz, uni yaxshi bilar edingiz. Alisher qanday inson bo'lgan?
Elmurod Qosimov: “Alisher yashashni sevib yashagan inson edi. Vaqt tez ketayotganini, vaqt ozligini bilgan odam edi. Shuning uchun bo’lsa kerak, ko’p ishni bir paytda qilishga harakat qilgan. Majoziy gapirsak, yangi cho’qqini zabr etish va cho’qqilar sonini ko’paytirish Alisher uchun qiziq edi. Oilasining tayanchi edi – bu ochiq fakt. To’ng’ich farzand bo’lgani uchun ko’p narsa unga bog’liq edi. Har holda o’rni juda bilinayotgan inson edi”.