Breaking News

Texasda ko'p-xotinlikni targ'ib qilgan sekta fosh etildi


AQShning Texas shtatida poligamiya, ya’ni ko’p xotinlikka amal qiluvchi sekta vakillari ushlandi.

Sektada voyaga yetmagan bolalar, ayniqsa qizlar zo’rlangani, majburan o’zidan ancha katta bo’lgan erkaklarga turmushga berilgani aniqlandi.

Politsiya tintuv natijasida poligamist oilalardan jami 417 bolani shtat himoyasiga olgan.

Bolalar Texasning Eldorado degan ranchosidan ko’chirildi. Ular bilan birga 130 nafar katta yoshdagi ayollar ham ixtiyoriy ravishda oilasini tark etgan. Hozir ular tibbiy ko’rik ostida.

Politsiyaning aytishicha 29 mart kuni boshqarmaga 15-16 yosh orasidagi bir qiz telefon qilib, 50 yashar erkakka yettinchi xotin sifatida majburan turmushga berilgani va xo’rlanganidan arz qilgan.

Qonunan 16 ga to’lmagan qiz turmush qura olmaydi.

“Sekta bolalarni zo’rlagan va xotin-qizlar erkaklar zulmi ostida yashagan”,- deydi AQSh Bolalarni himoya qilish xizmati so’zlovchisi Marley Meyzner.

“Har bir bola bilan alohida suhbatlashyapmiz. Bizga arz bilan murojat qilgan qizning qayerda ekanini bilmaymiz”.

Mazkur poligamist sekta yashirin faoliyat yuritgan va 680 gektarli hududda o’z qo’rg’onini barpo etgan.

Odamlar uni Texasdek bepoyon va qishloq xo’jaligiga asoslangan shtatdagi bir rancho deb o’ylagan.

Qorg’on Iso Masihga sig’inuvchi Nasroniy Fundamentalistlar Cherkoviga tegishli xususiy mulk.

Oqim bir asr oldin Mormonlar Cherkovidan ajralib chiqqan. O’sha paytda mormonlar ko’p-xotinlikdan voz kechgan.

Oilalarga sekta boshlig’i Varren Jeffs ismli kishi bosh-qosh edi. Hozirda u qamoqda. 14 yashar qizni zo’rlagani va o’z qarindoshiga majburlab turmushga bergani uchun jazo o’tamoqda.

Tergov davom etar ekan, hozirgacha sektadan bir necha erkak hibsga olingan.

Politsiya berayotgan ma’lumotlarga ko’ra, cherkov yetakchilari ayollarni jinsiy zo’rlash va qizlarni 13-14 yoshida turmushga berishni diniy hayotning bir qismi deb hisoblagan.

Qorg’on aholi yashaydigan punktlardan ancha uzoq bo’lgani uchun u yerdagi asl hayot haqida juda kam odam bilgan.

XS
SM
MD
LG